Umra reklamasida qonun buzganlarga chora ko‘rildi
«Arzon umra», «qulay narx», «shoshiling» kabi reklamalarga ishonishdan oldin ularning qonuniyligiga ham e’tibor berish kerak. Zero, har qanday reklama amaldagi qonun talablariga javob berishi shart.
Raqobat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalarning «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiqligini o‘rganishda davom etmoqda.
Navbatdagi tahlillar davomida turoperatorlar tomonidan «Umra» tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid e’lonlar o‘rganildi.
Natijada Qo‘mitaning Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan «Hamroh Tour», «Kabadoshlarim», «Yuksak Travel», «Murabbiy Travel», «Hikmat Travel» va «Infin Tour»ning instagram hamda telegram sahifalarida joylashtirilgan reklamalarida qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.
Shu munosabat bilan ushbu reklamalar uchun mas’ul mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, bu kabi holatlar yuzasidan nazorat ishlari izchil davom ettiriladi hamda qonun talablariga rioya etilishi ta’minlanadi.
N.Rahmonova,
O‘zA