“Umra + O‘zbekiston” marshruti xalqaro bozorda qiziqish uyg‘otdi
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan “HUITM – Umrah Plus International Travel Market & Exhibition 2026” xalqaro ko‘rgazma va vorkshopi O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Mazkur tadbir doirasida mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi imkoniyatlari hamda “Umra + O‘zbekiston” yo‘nalishi xorijiy hamkorlarga taqdim etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamda Malayziyaning qator turizm tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni muhokama qilish va turizm oqimini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekistondan ziyorat turizmi sohasida faoliyat yuritayotgan o‘nga yaqin turizm kompaniyasi va mehmonxona vakillari ishtirok etdi. Ular Malayziya hamda boshqa davlatlardan kelgan 30 dan ortiq xalqaro turizm kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolari, Samarqand, Buxoro va Termiz kabi tarixiy shaharlarining sayyohlik imkoniyatlari, shuningdek, mamlakatda yaratilgan zamonaviy turizm infratuzilmasi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, Malayziya fuqarolari uchun Saudiya Arabistoniga umra safari bilan bir qatorda O‘zbekiston bo‘ylab ziyorat va madaniy sayohatlarni o‘z ichiga olgan turpaketlarning afzalliklari keng yoritildi.
Uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda Malayziyadan O‘zbekistonga 2 ming nafardan ortiq sayyohni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, qo‘shma turistik mahsulotlar ishlab chiqish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish va ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA