Ulkan orzular bilan bilimlar olami sari
Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yangi 2026/2027 o‘quv yili munosabati bilan «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bu yilgi tadbirlar Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga hamohang tarzda nishonlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qaroriga muvofiq, yangi o‘quv yilining ilk kuni an’anaviy tarzda bayramona kutib olindi.
Respublika bo‘ylab umumta’lim maktablarida milliy g‘oya va vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan tantanali yig‘ilishlar tashkil etildi. Joriy o‘quv yilida mamlakatimiz maktablariga jami 6,7 million nafardan ortiq o‘quvchi qadam qo‘ydi. Ularning 795 ming nafardan ziyodini hayotida ilk bor maktab ostonasidan xatlagan birinchi sinf o‘quvchilari tashkil etadi.
«Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini xavfsiz va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida asosiy e’tibor 1- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirokiga qaratildi.
Bayram davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Ezgu va samimiy tilaklarga yo‘g‘rilgan ushbu qutlov yurtimiz o‘g‘il-qizlari, ota-onalar va pedagoglarda katta taassurot qoldirdi.

Maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan har bir 1-sinf o‘quvchisiga an’anaviy tarzda 12 turdagi o‘quv qurollari hamda maktab sumkasidan iborat «Prezident sovg‘asi» tantanali ravishda topshirildi.
Ilk qo‘ng‘iroq chalingach, barcha sinflarda dastlabki darslar boshlandi. Ta’lim muassasalarida birinchi dars sifatida «Kelajak soati» mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, maktablar yangi o‘quv yiliga qadar ta’mirlanib, zamonaviy axborot texnologiyalari va yangi darsliklar bilan ta’minlandi. Tadbirlar va o‘quv jarayonida o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquq-tartibot organlari xodimlari jalb etildi.
Shu tariqa, yurtimiz umumta’lim maktablarida «Birinchi qo‘ng‘iroq» jaranglab, millionlab o‘quvchilar uchun katta orzular va yangi bilimlar sari yo‘l ochildi.
N.Usmonova,
O‘zA