Ukraina hududlaridan voz kechadimi? (+video)
AQSH Prezidenti Donald Trampning fikricha, Ukraina Donbassni Rossiyaga berishi, Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘ini muzlatishi kerak. Buning evaziga Kiyev AQSH va Yevropadan xavfsizlik kafolatini oladi. Shuningdek, Ukraina sharqiy hududlarini Rossiyaga topshirishi, Qurolli kuchlari sonini qisqartirishi va ayrim turdagi qurollardan voz kechishi ham taklif qilinyapti. Ayni talablar Tramp ma’muriyatining Rossiya – Ukraina urushini tugatishga oid yangi rejasida belgilangan. Bu haqda kecha qator g‘arb ommaviy axborot vositalari, masalan “Reuters” agentligi va “Axios” o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Suhbatdoshlar aytishicha, Oq uy Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga AQSH ishlab chiqqan 28 bandli rejani qabul qilishi kerakligini ma’lum qilgan.
Oldinroq Tramp ma’muriyati loyihada to‘rt asosiy yo‘nalish ko‘rsatilganini bildirgan edi: Ukrainada tinchlik va xavfsizlik kafolati, Yevropada xavfsizlik va Vashingtonning Moskva hamda Kiyev bilan kelgusi munosabati.
Yangi rejaga ko‘ra, Kiyev taxminan 14,5 foizini nazorat qilayotgan mintaqani Rossiyaga berishi ko‘zda tutilgan. Endi AQSH va Yevropa Kiyev uchun xavfsizlikni kafolatlar ekan.
Oq uy “Agar urush davom etsa, Ukraina baribir bu hududlarni yo‘qotadi, shuning uchun kelishuvni hozir imzolagan ma’qul” deyapti.
Shuningdek, hujjat Xerson va Zaporoje viloyatlaridagi front chizig‘i muzlatilishi, Ukraina Qurolli kuchlari soni ikki barobar qisqartirilishi, Kiyevning Rossiya hududiga chuqur zarba bera oladigan uzoq masofali qurollardan foydalanishi cheklanishini ham talab etadi.
“Axios” portali ma’lum qilishicha, AQSH Rossiya – Ukraina urushini tugatishga doir yangi reja bo‘yicha rus hukumati vakillari bilan yashirincha muzokara olib bormoqda. Tegishli loyihalar ustida Amerika Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff ishlayapti. Reja mazmuni RF rahbarining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan muhokama qilinmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/958O4JFUtM0" title="Ukraina hududlaridan voz kechadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA