Ukraina bo‘yicha muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi (+video)
Abu-Dabida Rossiya – Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni tugadi. Muzokaralar bugun ham davom etadi. Tadbir yopiq formatda o‘tmoqda, deb xabar berdi DW agentligi.
Rossiya delegatsiyasiga admiral Igor Kostyukov boshchilik qilmoqda. Ukraina delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov rahbarlik qilyapti. AQSH tomonidan esa muzokaralarda prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va AQSH armiyasi vakili Deniyel Driskoll ishtirok etmoqda.
Politico nashrining xabariga ko‘ra, muzokaralardagi asosiy mavzu - hududiy masala bo‘lib qolmoqda. Muzokaralarda tomonlar bir qator masalalar bo‘yicha kelishib olgan, ammo hududlar masalasida yakdil qarorga kela olmagan. Birinchi bosqichdan so‘ng AQSH davlat kotibi Marko Rubio Donbass masalasi hali ham hal qilinmagan yagona masala ekanini tasdiqladi.
Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqishni talab qilmoqda, Kiyev esa bu talabni rad etyapti. Donbass Ukraina hududining bir qismi hisoblanadi, ammo hozirda uning ayrim hududlari Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida. Avvalroq, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hududlar masalasi faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuvda hal qilinishi mumkinligini aytgan edi.
<iframe width="484" height="860" src="https://www.youtube.com/embed/ZUZRkvLRyJs" title="Ukraina bo‘yicha muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA