Udmurtiyada harbiy raketa ishlab chiqaradigan zavodga hujum qilindi
Rossiya - Ukraina chegarasidan 1400 km masofada joylashgan Udmurtiyada maxsus ob’ekt hujumga uchragan.
Inshoot vayron bo‘lganini mahalliy gubernator Aleksandr Brechalov tasdiqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, “respublikadagi ob’ektlardan biriga dronlar hujum qilgan, jiddiy zarar va qurbonlar” haqida ma’lumotlar bor.
“Astra” nashri yozishicha, zarba Ijevsk yaqinidagi Votkinsk shahrida joylashgan zavodga qaratilgan. “Iskander-M”, “Topol-M” hamda “Oreshnik” ballistik raketalari ishlab chiqariladigan ushbu korxona AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Avstraliya, Yaponiya, Ukraina va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.
Mahalliy aholi vakillari guvohlik berishicha, hujum natijasida ikki sex zarar ko‘rgan. Kiyev tomoni ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan xabarlarda esa Votkinsk zavodiga qilingan hujum dron emas, balki Ukrainaning “Flamingo” raketasi tomonidan amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.
S.Rahimov, O‘zA