Uchtepa axborot-kutubxona markaziga 500 nomdagi 2 500 nusxa kitob topshirildi
Mamlakatimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish, ularni mutolaaga keng jalb etish hamda kutubxonalarni zamonaviy bilim va ma’rifat maskanlariga aylantirishga oid ezgu tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.
Kitob — insonning ma’naviy kamoloti, dunyoqarashi va tafakkurini boyituvchi eng muhim vositalardan biri. Ayniqsa, bugungi axborot oqimi jadallashgan davrda yoshlarni sifatli adabiyotlar bilan ta’minlash, ularda mutolaaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish va kutubxonalarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan Toshkent shahri Uchtepa tumani Axborot-kutubxona markaziga 500 nomdagi 2 500 nusxa kitob topshirishga bag‘ishlangan ma’rifiy-ma’naviy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — kutubxona fondini zamonaviy va mazmunan boy adabiyotlar bilan to‘ldirish, Uchtepa tumani aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun mutolaa imkoniyatlarini kengaytirish, kitobxonlik muhitini yanada rivojlantirish hamda jamiyatda kitob va ilmga bo‘lgan hurmatni yuksaltirishdan iborat.

Tadbir doirasida Axborot-kutubxona markaziga turli yo‘nalishlarni qamrab olgan badiiy, ilmiy-ommabop, ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy mazmundagi adabiyotlar taqdim etildi. Ushbu kitoblar kitobxonlarning yosh va qiziqishlariga mos ravishda mutolaa doirasini kengaytirish, yangi bilim va ma’lumotlarni o‘zlashtirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni mutolaaga keng jalb etish, kutubxonalarning ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi ahamiyati, shuningdek, kitobning inson tafakkuri va ma’naviy dunyosiga ta’siri haqida fikrlar bildirildi.
Ijodkorlar ishtirokidagi badiiy-musiqiy chiqishlar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, kitob, san’at va ma’rifat uyg‘unligini namoyon etdi. Shu bilan birga, ijod ahli bilan muloqot qilish yoshlarning adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni milliy madaniyatimiz va ma’naviy qadriyatlarimizga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, yosh avlodni kitobga oshno qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda kutubxonalarning o‘rni beqiyos. Mutolaa orqali inson yangi bilimlarga ega bo‘ladi, turli nuqtai nazarlar bilan tanishadi, tahlil qilish va xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Shu bois “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur kitob taqdimoti nafaqat kutubxona fondini boyitish, balki jamiyatda kitobxonlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan muhim ma’rifiy qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
Kitob taqdimoti munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur ma’rifiy tadbir keng jamoatchilikni mutolaaga chorlash, kitobning inson hayotidagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor targ‘ib etish va “kitobxon jamiyat” g‘oyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA