Uchquduqda tadbirkor ayollar safi kengaymoqda
Qariyb 40 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan Uchquduq tumani markazi Navoiy shahridan 300 kilometr olisda — Qizilqum sahrosi bag‘rida joylashgan. Konchilik sanoati taraqqiy etgan tumanda so‘nggi yillarda tadbirkorlik, xususan xotin-qizlar tadbirkorligi, qurilish sanoati jadal rivojlanib, yangi korxonalarning ishga tushishi hisobiga aholining gavjumlashuvi ham jadal sur’atga kirgan.
Ayni paytda hududning xususiy biznesida qurilish va oziq-ovqat mahsulotlari hamda xo‘jalik mollari ishlab chiqarish kabi tarmoqlar muhim yo‘nalishlardan sanaladi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish korxonasi bo‘lgan “Shoira Yodgor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shoira Yodgorova Uchquduqning peshqadam tadbirkor ayollaridan. Uchquduq shahrida 1997 yildanoq biznes faoliyatini boshlab, xususiy korxonasini muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan tashabbuskor tadbirkor mehmonxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etishga ham e’tibor qaratdi. Dastavval 16 o‘rinli kichik mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda qo‘shimcha ravishda yana 40 o‘rinli yangi xuddi shunday ob’ekt barpo etilayapti.
[gallery-4454]
Yana bir faol tadbirkor Saodat Elova ham Uchquduq shahrida faoliyat olib boradi. Uning qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ChOKO LIFE” xususiy korxonasi 2016 yilda tashkil etilgan. 10 turga yaqin mahsulot tayyorlanayotgan mazkur korxonada hozirda 10 nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlangan.
Fidoyi tadbirkor va hunarmand Rima Abdukarimova Uchquduq shahridan 65 kilometr olisda joylashgan Mingbuloq ovulida yashaydi. Ilk bor hunarmand sifatida junni qayta ishlab, kigiz tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor ayol, 2019 yilda shu yo‘nalishda alohida sex tashkil etdi. Bundan tashqari, tikuvchilik sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Hozir mana shu ikkala sexda ovuldagi 20 nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan band. Ular tomonidan tayyorlanayotgan kigiz hamda kelinlar sepi uchun mahsulotlarga qo‘shni Qozog‘istondan ham buyurtmalar ortmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mavjud imkoniyatlar va qolaversa, tuman mutasaddi tashkilotlari hamda bank muassasalari tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor Uchquduqda o‘z samarasini bermoqda.
Siroj ASLONOV olgan (surat), O‘zA