Uch “Zulfiyachi”ni tarbiyalangan maskan
Sport nafaqat mamlakatni dunyoga tanitish, balki xalq sog‘ligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni tarbiyalashning asosiy mezoni hamdir.
Uchquduq tumanidagi “Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi yoshlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi hamda ularda aqliy, ruhiy, ahloqiy va vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalashda alohida o‘rni bor.

Tarixga nazar
Gandbol sport turidan ikki karra jahon chempioni, 1988 yilda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, “Xizmat ko‘rsatgan sport ustasi” Mixail Vasilev, badiiy gimnastika sportidan 4 karra jahon chempioni, “Xizmat ko‘rsatgan sport ustasi” Venera Zaripova, pauerlifting sportidan jahon va Osiyo chempioni, “Xizmat ko‘rsatgan sport ustasi” Nadejda Malyugina kabi sportchilarni nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo taniydi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Mohir sportchilar respublikamizning eng chekka hududi – Uchquduqda voyaga yetgan.
bugungi “Lochin”
Sport majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar markazdagi boshqa sport majmualari bilan bemalol raqobatlasha oladi. Shundan bo‘lsa kerak, bu yerda tarbiyalanayotgan yosh sportchilar salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Jumladan, Andrey Xlupin suzish bo‘yicha Yevropa cheipioni, Samat Medeshev dzyudo sportining A kategoriyasi bo‘yicha Yevropa chempioni, Husniddin Bo‘riyev pauerlifting bo‘yicha jahon chempionati qatnashchisi.
Hozirda bu yerda olib borilayotgan 15 ta sport seksiyasida muntazam ravishda 1400 nafar ishchi-xodim, shundan 940 nafari bolalar va o‘smirlar qatnashib kelmoqda. O‘smirlar jamoalari o‘rtasida sportning futbol turidan respublika ochiq turniri musobaqalarida murabbiy Bobomurod Qambarov rahbarligidagi jamoa bir necha bor faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.

Irina Aneenko murabbiyligida Ilya Isayev, G‘aliya Abubakirova, Daniil Shuls, Nigora Toshmatova, Olga Pashkova, Sergey Jeleznyak, Oleg Samoylenko kabi suzuvchilar nufuzli musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallgan.
“Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida 2 ta basseyn, dzyudo, fitnes klub, yengil atletika va badiiy gimnastika zallari, voleybol, basketbol hamda sun’iy qoplamali mini futbol maydonlarida barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Bu yerdagi barcha sport maydonlari doimo sportning u yoki bu turi bilan muntazam shug‘ullanuvchilar bilan gavjum bo‘ladi. Bundan tashqari, tez-tez Shimoliy kon boshqarmasi korxona va tashkilotlari ishchi-xodimlari o‘rtasida turli sport bellashuvlari o‘tkazib turiladi.
Uch “Zulfiyachi” tarbiyalangan maskan
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarni ko‘pchilik madaniyat, san’at, adabiyot sohalari vakili, deb tasavvur qiladi.
Lekin bu qizlar mazkur yuksak mukofotga sport yo‘nalishida, aniqrog‘i, dzyudo bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosida o‘tkazilgan turli musobaqalarda erishgan muvaffaqiyatlari tufayli muyassar bo‘lgan.
Ularning qo‘lga kiritgan yutuqlari nafaqat qizlarda, balki yigitlarda ham havas ham hayrat uyg‘otadi.
Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan Iroda Jumanova, Mahliyo Mannonova, Dilnoza Kamolova yosh bo‘lishiga qaramay sportda anchagina yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Ularning barchasi bir murabbiy – dzyudo sport seksiyasi rahbari Alisher Shodmonov qo‘l ostida shug‘ullangan.
Albatta, bugun Iroda, Mahliyo, Dilnozaning o‘zlari ham murabbiy. Ularning yoshlarni, ayniqsa, yosh qizlarni nafosat va chapdastlikka uyg‘un tarbiyalashayotgani tahsinga loyiq.
Shoira Zulfiyaxonim “Men o‘zim ko‘tarilgan har bir zinada ustozlar nazari barhayotligini his etaman. bugungi yoshlarga ham shu tuyg‘u hamroh bo‘lishini istayman”, degan edi. Xalq suygan shoiraning izdoshi bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lgan uchquduqlik qizlarning sovrindorlik mas’uliyati, “Shuhrat” medali sohibi, murabbiy Alisher Shodmonov o‘git va maslahatlari bugun katta-katta yutuqlarga, nurli manzillarga esh bo‘lmoqda.
Sport ustasi unvoniga sazovor bo‘lish mas’uliyati
Sportchi sport bilan shug‘ullanishni boshlashi bilanoq, g‘alaba nashidasi va mag‘lubiyat azobini tatib ko‘rishni boshlaydi. Sportning mashaqqatlariga chidab, keyingi bosqichga qolgan yoshlar mahoratlarini oshirib, yangi natija va yutuqlarni qayd etib boradi.
Buni sport majmuasida faoliyat yuritayotgan sambo va dzyudo to‘garagida shug‘ullanayotgan yoshlar misolida ko‘rish mumkin. Majmua tarbiyalanuvchilari joriy yilning o‘zida xalqaro musobaqalarda 1 ta oltin, mamlakat chempionatida 3 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
E’tiborlisi, Mohinur Abdurashidova, Marjona Tursunova, Sardor Toshimov, Shoxnazar Isomov, Gulina Obloqulova, Robiya Abdullayeva singari yosh sportchilar O‘zbekiston terma jamoasi a’zoligiga qabul qilindi. Natijada Gulina Obloqulova va Marjona Tursunova sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.
3 ta oltin medal
Yaqinda o‘tkazilgan dzyudo sportidan 2007-2008 yilda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida “Urgench shahar hokim kubogi” majmua tarbiyalanuvchilari muvafaqqiyatli ishtirok etdi.

Respublikamizning barcha viloyatlaridan 300 nafardan ortiq yosh dzyudochilar ishtirok etgan musobaqalarda uchquduqlik qizlardan 30 kg vaznda Ruxshona G‘aybullayeva, 52 kg vaznda Gulasal Obloqulova 63 kg vaznda Asal Shavkatova oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 48 kg vaznda Robiya Abdullayeva kumush medalga egalik qildi.
Jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan medalning qadri o‘zgacha
– Sambochilarimizni yil oxiriga qadar bir qator yirik musobaqalar kutib turibdi, – deydi “Lochin” sport majmuasi murabbiyi Alisher Shodmonov. – Yosh sportchilarimiz Chirchiq shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borib, 14-17 oktyabr kunlari Gretsiyaning Saloniki shahrida o‘tkazilgan sambo bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketgandi. Musobaqada tarbiyalanuvchimiz Gulina Obloqulova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. U Serbiya, Bolgariya, Isroil, Fransiya, Gretsiya, Rossiya davlatidan bo‘lgan sambochi qizlar guruhidan joy olib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu biz uchquduqliklarni xursand etdi.
Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan “Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yerda o‘tkazilayotgan turli musobaqalar orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Gulnora Masagutdinova,
“Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi rahbari.
O‘zA