Uch otaga sud hukmi o‘qildi
Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman ma’muriy sudida farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelayotgan uch otaga sud hukmi o‘qildi.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman ma’muriy sudida farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelayotgan uch otaga sud hukmi o‘qildi.
– Ular otalik majburiyatini unutib, ancha vaqtdan buyon aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgani sababli yirik miqdordagi qarzdorlikni yuzaga keltirgan, – deydi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta inspektori Q.Tursunov. – Jumladan, Gulobod mahallasida yashovchi Shobani Oralov (ism-shariflar o‘zgartirildi) bir farzandi uchun 5 million 640 ming so‘m, Darband mahallasida yashaydigan Farhod Nozimov 4 million 352 ming so‘m hamda Fayziobod mahallasida yashovchi Bahodir Doniyorov ikki farzandiga 36 million 445 ming so‘m aliment pulini to‘lamay kelgan.
Majburiy ijro byurosining Muzrabot tuman bo‘limi aliment qarzdorligini to‘lamagan otalarga nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘rab, tuman ma’muriy sudiga murojaat etdi. To‘plangan hujjatlar o‘rganib chiqilib, voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan bu shaxslarning har biriga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasiga asosan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Amaldagi qonunlarimizga ko‘ra, ularning bu jazoni o‘tab chiqishi aliment qarzdorligini to‘lashdan ozod etmaydi.