Uch mamlakat suv va energetika resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha bayonnoma imzoladi
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, mavjud zaxiralarni muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz resurslar bilan ta’minlash masalalari doimiy muloqot va hamkorlikni talab etadi.
Ayniqsa, yozgi mavsumda suv sarfi va energiya iste’molining ortishi mintaqaviy hamjihatlikning ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
Shunga ko‘ra, Bishkek shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning suv xo‘jaligi hamda energetika sohalari rahbarlari ishtirokida navbatdagi ishchi uchrashuv tashkil etildi.
Unda mamlakatlar o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar davomida yozgi mavsumda suv omborlari va energetika ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, suv resurslarini samarali taqsimlash, shuningdek, energiya ta’minotidagi muvozanatni saqlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari aholi sonining ortishi, iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi va energiyaga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishi sharoitida suv-energetika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
Tadbir yakunida 2026-yilning iyul-avgust oylarida mamlakatlarni suv va energetika resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shma bayonnoma imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA