“Turon yo‘lbarslari”ning Xorazmdagi g‘oliblari
Urganch shahridagi harbiy qismda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Turon yo‘lbarslari" respublika harbiy sport musobaqasining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga milliy qadriyatlarni chuqur singdirish maqsadida Prezident, ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarining “Vatan tayanchi” a’zolari o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining Xorazm viloyati hududiy bosqichi keskin va murosasiz ruhda o‘tdi. “Temur tuzuklari” bilimdoni, kamondan o‘q otish, qurolni to‘liq bo‘lmagan qismlarga ajratish va yig‘ish, sport qurolidan o‘q otish, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish kabi 9 ta shart asosida g‘oliblik uchun kechgan bellashuvda har bir jamoa o‘zining nechog‘li kuchli, abjir va chaqqon ekanini isbotladi.
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida o‘quvchi-yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga jamoatchilik vakili sifati biz ham ko‘maklashamiz, – deydi Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi a’zosi, zaxiradagi podpolkovnik Norboy Masharipov. – Ishtirokchilar epchil, chaqqon, sergak va bilimdon. O‘g‘il- qizlar yuksak vatanparvarlik, ma’naviy, axloqiy-ruhiy, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanib, ularda Vatan taqdiri uchun daxldorlik hissi yuksalayotgani yaqqol sezilmoqda.
Yangibozor tuman ixtisoslashtirilgan maktabining “Vatanparvar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, musobaqaning mamlakat bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Urganch shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktabining “Urganch lochinlari” jamoasi ikkinchi, Xiva shahridagi Prezident maktabining “Pahlavon Mahmud” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib topildi.
– Biz musobaqaga yil davomida darslardan bo‘sh paytlarimizda tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi Xiva shahridagi Prezident maktabining “Pahlavon Mahmud” jamoasi a’zosi Valijon Norimov. – Maktabimizda buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Ustozlarimizning o‘gitlari va bugun musobaqada bajargan harakatlarimiz, olgan bilimlarimiz harbiy xizmatni o‘tayotganimizda ham qo‘l keladi, deb o‘ylayman.
[gallery-21675]
Bu kabi harbiy o‘yin va sport musobaqalarini o‘tkazish, o‘quvchilarning harbiylar bilan bevosita uchrashuvlarini tashkil etish yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirish ularning harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini o‘tashga yo‘naltirilgan.
Tashkilotchilar tomonidan musobaqa g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari