Turon: qit’alarni bog‘layotgan o‘zbek jang san’ati
Har bir jang san’ati ortida faqat harakat, usul yoki musobaqa emas, balki tarix, madaniyat, qadriyat va avlodlar merosi mujassam. Aytish joiz, Turon yakka kurashi ham ana shunday sport turlaridan biri. O‘zbekistonning boy jang san’ati an’analariga tayangan Turon bugun o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. O‘ziga xos o‘zbekona xususiyatga ega ushbu sport turi endilikda mamlakat sarhadlaridan tashqariga chiqib, jumladan, Amerika qit’asida ham tobora ko‘proq sportchi va mutaxassislarda qiziqish uyg‘otmoqda.

Men ko‘p yillardan buyon yakkakurash turlari bilan shug‘ullanib kelayotgan inson sifatida Turonning Panamerika mintaqasidagi istiqboliga katta qiziqish bilan qarayman. So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni kuzatar ekanman, mamlakatda jismoniy tarbiya va sportga davlat siyosati darajasida beqiyos ahamiyat qaratilayotganini ko‘ryapmiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston jahonga yuz tutishi, xalqaro hamkorlik kengayishi va uzoq muddatli taraqqiyot dasturlari amalga oshirilishida sport ham muhim yo‘nalishga aylangan. Ommaviy va yoshlar sporti rivojlanishi, zamonaviy infratuzilma barpo etilishi, o‘zbekistonlik sportchilarning yirik xalqaro musobaqalardagi yorqin natijalari buning amaliy ifodasidir. Ayni muhit milliy sport turlari, jumladan Turonni rivojlantirish uchun ham mustahkam zamin yaratadi, albatta.
Turonning zamonaviy musobaqa qoidalari 1991-yil sport ustasi Bahodir Saidov tomonidan ishlab chiqilgan, 1992-yil O‘zbekistonning rasmiy sport turlari ro‘yxatiga kiritilgan. Fikrimcha, ushbu sport turi shunchaki arenadagi bellashuv emas. Ya’ni, insondan jismoniy tayyorgarlik bilan birga intizom, mas’uliyat, jasorat, hurmat va o‘zini boshqara bilishni ham talab qiladi.
Bugun ushbu sport turining Panamerika mintaqasida ham tarqalayotgani Turonning xalqaro rivojida muhim bosqich, deb o‘ylayman. Xalqaro Turon federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH, Kanada, Meksika, Chili, Boliviya, Peru va Urugvayda federatsiyaga to‘laqonli a’zo tashkilotlar mavjud. Shuningdek, Venesuela ham xalqaro Turon hamjamiyati bilan aloqani mustahkamlamoqda.
Tabiiyki, geografik qamrov kengayishining o‘zi yetarli emas. Zero, muayyan sport turining haqiqiy taraqqiyoti xalqaro musobaqada necha davlat bayrog‘i ko‘tarilgani bilangina o‘lchanmaydi. Barqaror tizim uchun sport texnikasini puxta biladigan murabbiylar, malakali hakamlar, o‘quv dasturlari, milliy chempionatlar va eng muhimi, yosh sportchilar uchun mahalliy mashg‘ulotdan milliy va jahon miqyosidagi musobaqalargacha olib chiqadigan aniq yo‘l zarur.
Venesuela uchun Turon beqiyos imkoniyat, deb bilaman. Mamlakatimizda jang san’ati va yakkakurash turlari bo‘yicha o‘ziga xos maktab shakllangan. Sportchilarimiz turli yo‘nalishlarda xalqaro musobaqalarda ishtirok etib keladi. Bu tajriba Turonni rivojlantirish uchun ham yaxshi asos bo‘lishi mumkin.
Joriy yil Toshkentda o‘tkaziladigan Turon bo‘yicha Jahon kubogida ishtirok etish uchun Venesuela milliy delegatsiyasiga rasmiy taklif yo‘llangani alohida ahamiyatga ega. Men buni faqat bir xalqaro musobaqada qatnashish imkoniyatigina emas, balki Venesuela va O‘zbekiston o‘rtasida yangi sport ko‘prigi barpo etilayotganining amaliy ifodasi sifatida ko‘raman. Janubiy Amerika shimolida joylashgan mamlakatimiz Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari bilan yaqin madaniy aloqalarga ega. Shu sababli Venesuela kelajakda Turonning mintaqada yanada keng tarqalishiga hissa qo‘sha oladi, deb o‘ylayman.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, sport faqat musobaqa kunlarida rivojlanmaydi. Asosiy ish musobaqalar ortida amalga oshiriladi. Universitetlar ta’lim berish, akademiyalar sportchi va murabbiy tayyorlash, milliy federatsiyalar musobaqalar tashkil etish orqali umumiy ishga hissa qo‘shadi. Bu jarayonda O‘zbekistonning tajribasi juda muhim. Turon vatani mutaxassislari texnik bilimi va tajribasini boshqa mamlakatlarga yetkazadi, keyin har bir o‘lka o‘z malakali murabbiylari va hakamlarini tayyorlaydi. Shuningdek, o‘quv-uslubiy materiallarni o‘zbek va ingliz tillari qatori ispan tilida ham tayyorlash Turon Lotin Amerikasida ommalashishiga kuchli turtki beradi.
Kelajakda Turon bo‘yicha Panamerika chempionati tashkil etilishi mintaqadagi taraqqiyotning muhim bosqichi bo‘lishi shubhasiz. Tasavvur qiling: Venesuela, AQSH, Kanada, Meksika, Boliviya, Chili, Peru, Urugvay va istiqbolda Turon oilasiga qo‘shiladigan boshqa davlatlar sportchilari bir maydonda bellashmoqda. Bunday chempionat faqat medallar uchun kurash maydoni bo‘lib qolmaydi. Sportchilar yangi raqobat muhitiga kiradi, murabbiylar tajriba almashadi, hakamlar xalqaro amaliyot orttiradi, milliy federatsiyalar o‘rtasida esa uzoq muddatli hamkorlik shakllanadi.
Eng muhimi, bunday musobaqalar yoshlarga aniq maqsad beradi. Bugun mahalliy sport klubida Turon bilan shug‘ullanayotgan bola ertaga mamlakat chempionati, so‘ngra jahon miqyosida o‘z Vatani sharafini himoya qilish imkoni borligini his qilishi lozim.
Fikrimcha, Turonning kelajagi, avvalo, yoshlarga bog‘liq. Yoshlar bilan ishlash deganda faqat kichik yosh toifalari uchun musobaqalar o‘tkazishni tushunmasligimiz kerak. Ularga malakali murabbiy, xavfsiz mashg‘ulot muhiti, to‘g‘ri tashkil etilgan musobaqalar va bosqichma-bosqich o‘sish imkoniyati zarur. Turon yoshlarga kuchli va chaqqon bo‘lishnigina emas, balki intizom, mas’uliyat, ishonch, matonat va hurmatni ham o‘rgatadi. Sportchi jahon chempioni bo‘ladimi yoki professional sportni tanlamaydimi – bu fazilatlar uning hayotida baribir muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston bilan Venesuela o‘rtasida minglab kilometr masofa bor. Sport esa masofani qisqartirish xususiyatiga ega. Karakasda Turonni o‘rganayotgan sportchi O‘zbekistonda shakllangan jang san’ati maktabi bilan bog‘lanadi. Lotin Amerikasidagi murabbiy Turon usullarini o‘zlashtirar ekan, olgan bilimini keyingi avlodga yetkazadi. Xalqaro musobaqaga yo‘l olgan yosh sportchi esa uyiga faqat mahorat tajribasi bilan emas, yangi do‘stlar, boshqa xalq madaniyati haqidagi yangi tasavvurlar bilan qaytadi.
Xorijda qanchalik keng tarqalmasin, Turon O‘zbekiston bilan bog‘liq tarixiy va madaniy ildizlarini saqlab qolish juda muhim. Bugungi globallashuv davri sport turining o‘ziga xosligini yo‘qotishi emas, aksincha tarix va qadriyatni yanada keng ommaga yetkazishi kerak.
Turonning Amerika qit’asida ham kelajagi borligiga ishonaman. Toshkentdan Karakasga, Nyu-Yorkdan Mexikoga, La-Pasdan Limaga, Santyagodan Montevideogacha Turon insonlarni sport, madaniyat, intizom, jasorat va o‘zaro hurmat orqali birlashtirishi shubhasiz.
Gilberto Ayala,
Yakkakurash ustasi, jang sport turlari bo‘yicha
xalqaro musobaqalar ishtirokchisi
Venesuela