Turon, Markaziy Osiyo va O‘zbekiston
Jamiyat o‘z imkoniyati, salohiyatiga suyanib yashaydi.
Turkiylar mintaqasi, musulmonlar diyori – o‘tmishda Turkiston, Turon nomlari bilan dong chiqargan Markaziy Osiyo xalqlari ko‘p ming yillik tarixida murakkab va mas’uliyatli davrlarni xo‘b boshidan kechirgan. Tashqi tazyiq, qamal, ajralish-u, parchalanishlardan so‘ng birlashish imkoniyati kengayib, ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti ta’sis etildi. Endi dini, urf-odati, xulq-atvori va hatto, insoniy fe’l-u tabiati bir-biriga yaqin millatlar jipslashmoqda. Bugun, qariyb, 160 million nufusli Markaziy Osiyo va turk dunyosining niyati bir, rejasi, orzu-umidi hamohang. Bu xalqlarni taniqli davlat arboblari, o‘z taqdirini millatining shonli yo‘li, baxtli kelajagiga bag‘ishlagan, siyosatda katta tajriba to‘plab, jahon jamoatchiligi diqqat-e’tiborini jalb qila olgan uddaburon yo‘lboshchilar boshqarmoqda.
O‘zbekiston mustaqilligining 27-yilida davlat boshiga kelgan Shavkat Mirziyoyev “Ilgari xalq davlat, hukumatga xizmat qilgan bo‘lsa, endi davlat bilan hukumat xalqqa xizmat qiladi, deganidan keyin xalq yangi O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlay boshladi.
Bugun O‘zbekiston poytaxtining qiyofasi mutlaq o‘zgarib bormoqda. Ilgari o‘zim istiqomat qilgan mavzega borib, ko‘p yil yashagan joyimni taniy olmay qoldim. Tag‘in, biror tanish ko‘rib qolmasin, deya iymanib, o‘zim yashagan uy qayerdaligini so‘rab, aniqlashtirdim. So‘nggi besh yilda ko‘cha, maydon, mavzelar shunchalik o‘zgarib ketgan-ki, qo‘yaverasiz. Unda-munda pensionerlar uchun kunduzi tekin qilingan, ayniqsa, yoz chillasida muzdek salqin metro poyezd-vagonlaridan, elektromobil avtobuslaridan foydalanaman. Ha, aytgandek, katta mablag‘, kuch-quvvat, maxsus ilm-bilim talab qiladigan va “pul yo‘q!” deya to‘xtatib qo‘yilgan metro qurilishi ham so‘nggi besh yilda qayta tiklandi. Yangi yer usti, yer osti metro stansiyalari ochilishi bugun oddiy kundalik voqeaga aylandi.
Yodimda, o‘tgan asr 60-yillarida O‘zbekiston poytaxti markazidagi qadimda “piyonbozor” deb nom chiqargan hozirgi MUM (SUM) yonida xorijiy sayyohlarga mo‘ljallab 5 qavat (tomidagi ayvoni bilan birga 6 qavat)li O‘zbekiston poytaxtida birinchi qo‘p qavatli “Toshkent” mehmonxonasi qad ko‘targan edi. Yaqin-yaqinlargacha salobati va qulayligi bo‘yicha tengi yo‘q bu bino poytaxt markazida alohida savlat to‘kib turardi. Mana, ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, endi mahalliy va xorijiy sayyohlar, mehmonlar qariyb 10 barobar baland - 51 qavatli binodan Toshkentni suratga tushirib, tomosha qiladilar. Shunga o‘xshash ko‘p qavatli binolar shaharning barcha tuman, mavzelari, respublika shaharlari va viloyatlar markazida ham, go‘yo, yer ostidan unib-o‘sib chiqayotgan qo‘ziqorin kabi ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.
So‘nggi yillarda hukumat faoliyatida, tan olish kerak, qat’iyatlik, dadillik, shasht yaqqol sezilmoqda. Ocharchilik hukm surgan o‘tgan asrning 30 yillaridan, Ikkinchi Jahon urushidan 80-90 yil o‘tib, mamlakatimiz ancha rivojlanib, taraqqiy qilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik oldida tan olinmaydigan ayrim muammolar bor edi. Endi hukumat bor haqiqatni ochiq-oydin tan oldi. Ikki yil muqaddam O‘zbekistonda Iqtisodiy taraqqiyot va (e’tibor bering), kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuzildi. Bu ko‘p haqiqatni tan olish bilan teng edi. Yangi vazirlik rejasi asosida jamiyatimizning eng kam ta’minlangan qatlamlari o‘rganib chiqildi, aniq dastur, tadbirlar ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalar uchun mablag‘ ajratildi. Bugun bu ishlar hukumat, mahalla va keng jamoatchilik nazorati ostida olib borilmoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayotning iliq, hayotbaxsh shabadasi esmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi qadim qardoshlik tiklanib, har bir davlatning milliy manfaati hisobga olingan holda, mehr, faxr va g‘ururga asoslangan yangi do‘stona muhit shakllandi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi real va ramziy to‘sig‘qlar olib tashlandi, asrlar mobaynida birga yashagan ellar bir-birinining diydoriga to‘ydi, uzoq yillar ko‘risha olmagan qarindosh-urug‘ ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan yaqinlarini bag‘riga bosdi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat milliardlab dollarlarga qadar ko‘tarildi. Xalqimiz tomonidan mustaqillikning dastlabki kunlaridan kutilgan to‘g‘rilik, odillik, insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati jahon hamjamiyati tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston 2019 yil, nihoyat, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga - Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Oldinda yanada katta, yanada ulug‘vor yumushlar, mamlakatimiz rahbariyati oldida esa ulkan vazifalar turibdi. Biz porloq kelajakdan umidvormiz, biroq sira unutmasligimiz kerak-ki, bugungi kun, bugungi imkoniyat, bugungi salohiyat bilan yashaymiz, mehnatkash, zahmatkash o‘zbek xalqining esa, ta’kidlash joiz, yaxshi yashashga ma’naviy, huquqiy, tarixiy haqi bor.
Va bu mas’uliyatli yo‘lda faoliyatni xalq bilan bamaslahat ish qilishdan boshlagan, shunday siyosatni izchil davom ettirayotgan O‘zbekiston rahbariyati bor kuch-quvvatini tinchlikka, osoyishtalikka, ma’murchilikka yo‘naltirayotgani ko‘zga yaqqol tashlanib turibdi.
Irismat Abduxoliqov, O‘zA