TURKSOY madaniyat va san’at vakillari Andijonda
Andijon - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomi doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOYga a’zo davlatlar madaniyat va san’at vakillari Andijonga tashrif buyurdi.
Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Qirg‘iziston Respublikalarining teatr san’ati va muzey sohasi vakillari Andijon temiryo‘l vokzali hamda aeroportida o‘zbekona urf-odat va mehmondo‘stlik bilan tantanali kutib olindi.
Andijonda 18–23-oktabr kunlari IV TURKSOY xalqaro teatr festivali, TURKSOY teatr rahbarlarining yig‘ilishlari, V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi hamda TURKSOY muzeylar uyushmasining V davriy yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu tadbirlar doirasida «Yilning eng yaxshi muzeyi» mukofotini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.


Turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, teatr san’ati va muzey sohasidagi an’analarini namoyon etadigan mazkur tadbirlar ijodiy muloqot va tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ladi.


Andijondan boshlangan ushbu tadbirlar turkiy xalqlarning mushtarak qadriyatlarini ulug‘lash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari