TURKSOY bosh qarorgohida taqdimot o‘tkazildi
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining 2025-yilda Qozog‘istonning Aktau shahrida bo‘lib o‘tgan 42-yig‘ilishida Andijon shahri 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinib, Andijon viloyati hokimligi vakillariga maxsus sertifikat topshirilgan edi.
Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan TURKSOY bosh qarorgohida ana shu maqom doirasidagi dastlabki tadbir – Andijon taqdimotiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Andijonning boy tarixiy-madaniy merosi, san’at va an’analari namoyish etildi. Shuningdek, 2026-yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan madaniy dasturlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida: TURKSOY Doimiy kengashi qarori bilan har yili turkiy tilli davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi. Bunday maqomga ega bo‘lgan shaharda hamda tashkilotga a’zo davlatlarda qator madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar, uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu orqali milliy madaniyat xalqaro miqyosda keng targ‘ib etiladi, qolaversa, ana shu tadbirlar sayyohlar oqimining ortishiga, turizm rivojiga ham xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Xiva shahri turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinib, ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazilgan edi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA