Turkmaniston Prezidentining kitoblari taqdimoti
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni bugun butun dunyo olim, shoir, bastakor, sport ustasi, general kabi ko‘plab sifatlari bilan ham juda yaxshi taniydi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni bugun butun dunyo olim, shoir, bastakor, sport ustasi, general kabi ko‘plab sifatlari bilan ham juda yaxshi taniydi.
Prezidentning atoqli davlat va siyosat arbobi sifatidagi qarashlari, ona xalqi, jonajon yurti farovonligi va rivoji yo‘lidagi qat’iy, dadil, oqilona siyosati, islohotlari turkman nomi, Turkmaniston dovrug‘ini xalqaro hamjamiyatga yanada yaqindan tanitmoqda. Davlat rahbarining “Arkadagning baxtli zamoni“, “Turkmanistonning ulkan zafarlar va saodatli yillari”, “Turkmaniston – farovonlik va taraqqiyot mamlakati”, “Turkmaniston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida” nomli kitoblari bunga yorqin misol.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov asarlarida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va xalq farovonligini yanada oshirish masalalari“ mavzusida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiya mazkur asarlarning tahlili, tavsifiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat moliya instituti tomonidan tashkil etilgan anjumanda Fanlar akademiyasi a’zolari, taniqli iqtisodchi olimlar, moliya va iqtisodiyot sohalarining mutaxassislari hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, hech shubhasiz, tili, dini, tarixi o‘zaro mushtarak bo‘lgan o‘zbek va turkman xalqlari asrlar mobaynida bir daryodan suv ichib kelgani kabi ilm-fan madaniyat, adabiyot va san’at sohalarida ham hamdo‘st, hamfikr. Ana shunday madaniy va ruhiy yaqinlik tufayli dilimiz dilimizga, tilimiz tilimizga payvand bo‘lib ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari ikki tomonlama do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Gurbanguli Berdimuhamedov asarlardagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar, boy statistik ko‘rsatkichlar tahlili ham shundan dalolat beradi.
“Arkadagning baxtli zamoni”. Anjuman Turkmaniston Prezidentining 2017 yilda chop etilgan ana shu asari taqdimoti bilan boshlandi.
– Avvalo, mazkur asar o‘z xalqi va Vataniga cheksiz mehr, sadoqat, fidoyilik hislari bilan yozilganini e’tirof etish joiz, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov.– Uning birinchi bobi “Vatan va xalq uchun kuyib-yonib yashagan yurak” deb nomlanishi ham buning yaqqol isboti. Undagi 14 bobning har birida turkman xalqining bugungi ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti puxta tahlillar asosida yoritilgan. Uning nomlanishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Ya’ni “arkadag” so‘zi “orqadagi tog‘”, “tayanch”, “yo‘lboshchi” degan ma’nolarni ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan, kitob Turkmanistonning Arkadagi tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy strategiyaga asosan mamlakat erishgan va erishayotgan yutuqlar haqida hikoya qiladi. Asarning “Millat yetakchisining iqtisodiy strategiyasi amalda” deb nomlangan bobida iqtisodiyotning zamonaviy yangi modelini yaratish borasida muhim konseptual fikrlar, amaliy tashabbuslar ilgari surilgan. Muallif qishloqlarni isloh qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiyalash bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tgan. “Davlat – inson uchun!” degan bobda esa Prezident tomonidan ishlab chiqilgan strategiya asosida Turkmanistonda Baxtli hayot kechirish dasturi amalga oshirilayotgani aniq misollar, tahliliy materiallar orqali ochib berilgan.
Qalandar Abdurahmonov qo‘shimcha qilishicha, turkman yo‘lboshchisi asarda jamiyatni ma’naviy yuksaltirish, milliy tarixni o‘rganishni chuqurlashtirish, madaniy merosdan keng foydalanishni targ‘ib etish masalalariga ham urg‘u bergan. Prezident Turkmanistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun XXI asr strategiyasida transport va tranzit koridorlarini yaratish bo‘yicha yangi g‘oyani ilgari suradi. Shu tariqa qo‘shni davlatlar, xususan, O‘zbekiston bilan bu borada katta hamkorlik istiqbollari mavjud ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Anjumanda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmanistonning ulkan zafarlar va saodatli yillari” monografiyasi ham ishtirokchilarga tanishtirildi.
– Ayni monografiyada Turkmanistonning ulkan zafarlar va saodat davrining ma’nosi va tavsifi, uning asosiy belgilari va xususiyatlari, maqsad-vazifalari, shuningdek, ularni amalga oshirish natijalari har tomonlama tahlil asosida bayon etilgan, – dedi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Ubaydullo G‘afurov. – Milliy-davlatchilik qurilishi, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-madaniy hayoti, Turkmaniston tashqi siyosati va xalqaro munosabatlarining rivojlanishi masalalari batafsil ko‘rib chiqilgan. Ulkan zafarlar va saodat davriga maxsus ilmiy-tadqiqot nuqtai nazaridan yondashilgan.
Muallif talqinicha, ulkan zafarlar va saodat davri – bu jamiyatni siyosiy jihatdan modernizatsiyalash va ma’naviy yangilash, fuqarolarning ijodiy kuchini faol uyg‘otish, mamlakatni intensiv ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohasidagi yutuqlarni, Turkmaniston va uning milliy yetakchisining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini kuchaytirish vaqti. Xalqaro munosabatlarning zamonaviy tizimida mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlashi lozim bo‘lgan kelajakdagi moddiy va ma’naviy resurslarni safarbar etish vaqti. Rivojlanishda bo‘lgan hamda o‘zining ko‘p qirrali salohiyat va imkoniyatlarini endigina namoyon eta boshlagan yangi ijtimoiy-siyosiy voqelikdir.
“Turkmaniston – farovonlik va taraqqiyot mamlakati”. Ushbu asarda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov turkman xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari, farovon hayot kechirishi borasidagi masalalarni chuqur ilmiy tahlil qilgan. Anjumanda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti moliya va soliqlar kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Aktam Burxonov bu haqda shunday dedi:
– Kitobda mamlakatning strategik vazifasi – erishilgan muvaffaqiyatlarni saqlab qolish emas, balki bu yutuqlarni samarali davlat siyosatini amalga oshirish asosida yanada takomillashtirish, xalqning turmush darajasini muntazam yaxshilash va farovonligini oshirish ekani qayd etilgan, – dedi A.Burxonov. – Yoshlarni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashda O‘g‘uzxon Turkman, Go‘ro‘g‘libek, To‘g‘rulbek, Bayram xon, Alp Arslon, Sulton Sanjar va Maxtumquli Firog‘iy kabi turkman xalqi allomalarining ilmiy-ijodiy yondashuvlari o‘rnak tariqasida keltirilgan. “Davlat – xalq uchun!” degan shior ostida amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy islohotlarda tinchliksevarlik, insonparvarlik va adolat mezonlari o‘rnatilishi ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berilgan. Muallif mamlakat tanlagan modeli ijobiy betarafligiga urg‘u bergan holda tinchliksevarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ularning suverenligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, xalqaro harbiy tashkilotlar va shartnomalarga qatnashmaslik kabi yo‘nalishlarda o‘zing teran mushohadalarini bildirgan.
Kitobni o‘qib, turkman xalqi og‘ir tarixiy yo‘lni o‘zining vazminlik, insonparvarlik, sabrlilik, tinchliksevarlik, vatanparvarlik, go‘zallikka va mehrga intiluvchanlik, olijanoblik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan mardonavor bosib o‘tganligi va ayni jihatlar hozir ham Turkmaniston barqaror rivojining poydevori bo‘layotganiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmaniston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida” nomli asari taqdimoti ham ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti buxgalteriya hisobi va audit kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari nomzodi Shahlo Ergashevaning so‘zlariga ko‘ra, kitob Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi Turkmanistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va tashqi iqtisodiy siyosatni takomillashtirish masalalarini qamrab olgan.
– Ushbu kitobni yaratish g‘oyasi 2015 yilda Turkmaniston hukumati delegatsiyasining BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Bosh Assambleyaning 70-yubiley sessiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlari Sammiti doirasidagi xizmat safari davomida tug‘ilganligi muallifning kirish so‘zida aytib o‘tilgan, – dedi Sh.Ergasheva – Jumladan, “Ushbu tarixiy uchrashuvning eng muhim natijasi jahon hamjamiyati tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda global muammolarni hal etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasining qabul qilinishi bo‘ldi”,deb yozadi muallif. Turkmaniston mintaqada birinchilardan bo‘lib global maqsadlarni moslashtirishga kirishganligi, natijada 17 ta maqsad, 148 vazifa va 175 BRM ko‘rsatkichlari bajarilganligi asarda o‘z ifodasini topgan. Turkmanistonda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi natijasida aholi daromadlari va o‘rtacha ish haqining 2018-2030 yillarda o‘sish dinamikasi 3,9 marta oshishi davlat strategik dasturiga kiritilganligi aniq raqamlarda keltirilgan.
Shuningdek, Turkmaniston neft-gaz sanoati rivojlanishining hozirgi holatiga alohida to‘xtalib o‘tilgan va istiqbolda sohani diversifikatsiyalash orqali barqaror rivojlantirish yo‘nalishlari belgilab berilgan. Yana bir e’tiborga molik jihati, unda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish davlatlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishda muhim omillardan biri ekanligi asoslab berilgan.
Dolzarb fikr va g‘oyalar, amaliy taklif va xulosalar. Ayni jihatlar Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yuqorida nomi zikr etilgan to‘rt kitobiga birdek xos va mos. Ularda aks etgan turkman xalqining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi, mamlakatning xalqaro mavqeini oshirish yo‘lidagi dadil qadamlar, katta maqsadlar O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga hamohang. Shu nuqtai nazardan ushbu asarlar o‘zbek va turkman kitobxonlarining e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘lishi aniq.