Turkman milliy qadriyatlarini asrab-avaylash uchun yaratilgan imkoniyatlar bizga ishonch bag‘ishlaydi
Bugun, 30-iyul yurtimizda - Xalqlar do‘stligi kuni. Ushbu bayram jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikning amaldagi ifodasidir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilingan ushbu sana har yil yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirokida keng tantana qilib kelinmoqda.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida yurtimizdagi millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari ahil, inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani yuksak qadrlanishi alohida e’tirof etilgan. Darhaqiqat, bugun jamiyatimizning barcha sohalarida turli millat va elat vakillari teng huquq va imkoniyatlar asosida izchil faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Turkman milliy madaniy markazi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Guldana Avezdurdiyeva ko‘pmillatli yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun holda mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgan vatandoshlarimizdan biri. Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan opaning qalbidan kechayotganlari bilan qiziqdik:

— Bugun O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida yashab kelayotgani mamlakatimizdagi bag‘rikenglik va do‘stlik siyosatining yuksak natijasidir, — deydi Guldana Avezdurdiyeva. — Men ko‘p yillik mehnat faoliyatimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turli millat va elat vakillariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, ularning o‘z tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu imkoniyatlardan millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bugun har bir inson o‘z bilimi, salohiyati va mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashi, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlarga ega. Biz o‘zimizni shu yurtning ajralmas qismi, O‘zbekistonning taraqqiyoti va kelajagiga daxldor insonlar sifatida his qilamiz. Mening xalq vakili sifatidagi hamda deputatlikka qadar bo‘lgan ko‘p yillik mehnat faoliyatim ham buning amaliy ifodasi, deb o‘ylayman.
Prezidentimizning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabriklarini biz, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillari yuksak ko‘tarinki ruhda, qalbimiz va yuragimizda cheksiz faxr va minnatdorlik hissi bilan qabul qildik. Bu tabrik, avvalo, mamlakatimizda yashayotgan har bir millat va elat vakiliga bo‘layotgan yuksak e’tibor va hurmatning yorqin ifodasidir. Davlatimiz rahbarining turli millat va elat vakillarini bir oila a’zolaridek qadrlab, ularning tili, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratayotgani biz uchun juda katta ahamiyatga ega.
Ayniqsa, milliy madaniy markazlarga qaratilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz o‘z millatimizning tili, tarixi, madaniyati va milliy an’analarini yosh avlodga yetkazish bilan birga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilmoqdamiz.
Men Turkman milliy madaniy markazi rahbari sifatida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekistonda turkman xalqining tili, madaniyati va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun yaratib berilgan imkoniyatlar bizga katta kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Biz bu e’tiborni yuksak qadrlaymiz va bundan keyin ham O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lida xizmat qilamiz.
“Do‘stlik” festivali kabi tadbirlar esa bu ezgu maqsadlarni yanada keng namoyon etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday tadbirlarda har bir millat o‘zining boy madaniyati va san’atini namoyon etar ekan, biz bir-birimizni yanada yaqindan anglaymiz, umumiy qadriyatlarimizni his qilamiz. Zero, turfa madaniyatlar — bizni ajratuvchi emas, aksincha, birlashtiruvchi boyligimizdir.
Prezidentimizning tabrigi bizga yana bir bor shu haqiqatni his qildiradiki, yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va do‘stlik muhitini asrash — barchamizning umumiy burchimiz.
Biz bunday yuksak ishonch va e’tiborga munosib bo‘lishga, O‘zbekistonimizning yanada ravnaq topishi, xalqimiz farovonligi va yurtimizdagi do‘stlik muhitini mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkam bo‘lib, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlik doimo barqaror bo‘lsin!
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA