Turkiya yetakchisining yordamchisi o‘zbekistonlik yosh san’atkorlar bilan uchrashdi
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning yordamchisi, Turkiy davlatlar bilan aloqalar tashkiloti rahbari Kurshat Zorluning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasidagi uchrashuvlar nafaqat rasmiy muloqotlar, balki yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bilan ham ahamiyat kasb etdi.
Jumladan, Kurshat Zorlu Toshkent shahrida tahsil olayotgan, O‘zbekiston va Turkiyada o‘z iste’dodi bilan tanilgan “Music Bolalar” guruhi a’zolari bilan ular tahsil olayotgan muassasada uchrashdi.
Samimiy va iliq ruhda kechgan muloqot davomida turkiyalik yuqori martabali mulozim yosh san’atkorlarning ta’lim olish jarayoni, ijodiy faoliyati hamda kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Ularning sohadagi izlanishlari, erishgan yutuqlarini yuqori baholadi.
Qayd etish joiz, Kurshat Zorlu “Music Bolalar” guruhi faoliyatini ko‘p yildan buyon qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Uning bevosita ko‘magida yosh ijodkorlarimiz Turkiyada ham iqtidorini namoyon etib, xalqaro madaniy loyihalarda ishtirok etyapti, yangi ijodiy imkoniyatlarga ega bo‘lyapti. Shu bois mazkur uchrashuv guruh a’zolari uchun esda qolarli bo‘ldi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur tashrif Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi qardoshlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatning yorqin ifodasidir.
Uchrashuv yakunida “Music Bolalar” guruhi a’zolari Kurshat Zorluga doimiy e’tibor va yosh iste’dodlarga nisbatan yuksak ishonchi uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Tomonlar bunday muloqotlar insoniy qadriyatlar, qardoshlik rishtasi, davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashini yana bir bor tasdiqladilar.
Nodira Kayimova, O‘zA