Turkiy dunyo fan akademiyalari hamkorligi yangi bosqichda
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, akademik Sh.Sagdullayev ishchi tashrif bilan Olmaota shahrida bo‘lib, Turkiy dunyo milliy fanlar akademiyalari ittifoqining (UNASTW) to‘qqizinchi Bosh assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Tadbirda, shuningdek, turkiy dunyo mamlakatlari milliy fanlar akademiyalarining rahbarlari va vakillari, shuningdek, ilmiy va ta’lim tashkilotlari vakillari qatnashmoqda. Yig‘ilish Qozog‘iston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida o‘tkazilmoqda.
Bosh assambleya doirasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Istiqbolli qo‘shma tadqiqot yo‘nalishlari belgilanmoqda hamda Ittifoq faoliyatining kelgusi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.
Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘z ma’ruzasida Sh.Sagdullayev zamonaviy davrning dolzarb muammolarini, jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tibbiyot, energetika va sun’iy intellektni rivojlantirish masalalarini hal etishda turkiy dunyo mamlakatlarining ilmiy salohiyatini birlashtirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining UNASTW Bosh assambleyasidagi ishtiroki xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, akademik almashinuvni kengaytirish hamda turkiy dunyo mamlakatlari ilmiy tashkilotlari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA