Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti haqida
Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev raisligida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Sammitning qadim Turon durdonasi va turkiy olamning tarixiy markazlaridan biri deya e’tirof etilgan Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas. Buyuk Ipak yo‘lining asosiy chorrahasida joylashgan hamda qudratli davlatlar, buyuk hukmdorlar poytaxti bo‘lmish bu azim shahar asrlar davomida turli madaniyatlarning o‘zaro boyitilishiga beqiyos hissa qo‘shdi.
Shu bois, joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Prezidentimiz umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida sivilizatsiyalaro muloqotni yo‘lga qo‘yish, dunyodagi keskin muammolarni hal etish bo‘yicha barcha mamlakatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan Samarqand birdamlik tashabbusini ilgari surdi.
bugungi kunda O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar tashabbuskori, mintaqaviy va xalqaro masalalarni birlashtiruvchi kun tartibini ilgari surib, turkiy sivilizatsiyaning umumiy rivojlanishi va farovonligining yangi davriga o‘tishi uchun zarur bo‘lgan kelishilgan qarorlar qabul qilish uchun turkiy davlatlar rahbarlarini qabul qilishga tayyor.
Sammit 2009 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi ostidagi Naxichaven kelishuvi bo‘yicha rasman tasdiqlangan turkiy davlatlar birlashmasi rivojida yangi bosqichni boshlab beradi. Aholi soni bo‘yicha ikkinchi turkiyzabon davat bo‘lgan O‘zbekiston 2019 yilda ushbu Tashkilotga qo‘shildi va bu turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
2019-2021 yillarda Turkiy kengashining to‘rtta sammitida Prezidentimiz tomonidan ko‘p qirrali iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga doir qariyb 35 ta tashabbus ilgari surildi.
Amaliy o‘zaro hamkorlikning faollashuvi birlashmaning institutsional rivojlanishiga turtki bo‘ldi va 2021 yil noyabr oyida Istambuldagi sammitda Turkiy kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu qaror Tashkilotga a’zo davlatlar va kuzatuvchilarning ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga va shu munosabat bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishning institutsional asoslari va mexanizmlarini shakllantirishga bo‘lgan intilishidan dalolat beradi.
Shunday qilib, Tashkilotga a’zo davlatlar (Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston) va kuzatuvchi mamlakatlar (Turkmaniston va Vengriya) rahbarlari Samarqanddagi sammitda ilk bor turkiy dunyo davlatlarining to‘laqonli tashkiloti jihatdan yangicha formatida to‘planadi.
Samarqand sammitining mavzusi: “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” bo‘lib, bu turkiy davlatlarining ko‘p asrlik ma’naviy-madaniy mushtarakligi, ilg‘or g‘oyalari va amaliy o‘zaro manfaatli hamkorligi asosida yanada yaqinlashishiga bo‘lgan intilishini ifodalaydi.
bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar tabiiyki, qardosh mamlakatlarning o‘zaro hamkorligini, ular oldida turgan muammolarga pragmatik yechimlar topishni, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha samarali yondashuvlarni ishlab chiqishni va yangi bosqichda turkiy olamining ulkan sivilizatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishni rag‘batlantiradi. TDT Samarqand sammitining kun tartibi juda boy va ko‘plab shartnomaviy-huquqiy hujjatlarni qamrab oladi.
Sammitda TDT ning Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi. Unda a’zo davlatlarning muhim mintaqaviy va xalqaro masalalar hamda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kelishilgan nuqtai-nazarlari ifodalanadi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlari va dasturlarini o‘zida mujassamlashtirgan Strategiya to‘g‘risida qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Kun tartibida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Savdo va investitsiya hamkorligi uchun qulay sharoitlar yaratish, Transkasbiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘yicha yuk tashishlarning ma’muriy tartiblarini soddalashtirish, turizm, energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidandir.
Bu borada qator shartnoma va hujjatlar, jumladan Transport sohasida o‘zaro bog‘liqliq dasturi va xalqaro aralash yuk tashuvlari bo‘yicha kelishuv qabul qilinishi kutilmoqda.
Bu qarorlar TDT mamlakatlarida o‘zaro savdoni tubdan yaxshilash uchun zarurdir. bugungi kunda uning hissasi Tashkilotga a’zo davlatlar umumiy savdo aylanmasida atigi 3 foizni tashkil etadi va uni ko‘paytirish kerak.
Bundan tashqari, sammitda fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar kabi sohalarida mintaqaviy hamkorlik mehanizmlarini yaratish, madaniy-gumanitar soha, jumladan tarix, madaniyat, an’analar va qadriyatlar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimizni samarali modernizatsiya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan. Sammit kun tartibi adolatli iqtisodiy o‘sish va xalqlarning turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan BMT ning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mosdir.
Sammitdan so‘ng raislik mamlakatimizga o‘tishi sababli mamlakatlar rahbarlarining yuqoridagi qarorlari va kelishuvlari Toshkentning hamkorlikka oid yangi tashabbuslari bilan birga 2022-2023 yillarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Umuman olganda, hamma tomonlarning sa’y-harakatlari tufayli Samarqand sammiti TDTning ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi, deyishga barcha asoslar mavjud.
D.Qurbonov,
Xalqaro munosabatlar
axborot-tahlil markazi
direktor vazifasini bajaruvchi