Turkiston ma’rifatparvarlarining yo‘lboshchisi
Turkiston o‘lkasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mustamlakachilik siyosati oqibatida siyosiy, madaniy, iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi.
O‘lkaning ilg‘or ziyolilari chor Rossiyasi istibdodidan qutilish, millatni uyg‘otish, nafaqat iqtisodiy, balki madaniy taraqqiyot sari yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish maqsadida ma’rifatparvarlik harakatiga asos soldilar.
Bu harakat bilan Turkistonda yangi uyg‘onish davri boshlandi. Jadidlarning jamiyatda islohotlar o‘tkazishga qaratilgan dasturi asosan yangi dunyoviy xalq maorifi tarmog‘i, ya’ni o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimini shakllantirish, milliy matbuotni yaratish – gazeta va jurnallar chop etish, turli ma’rifiy va xayriya jamiyatlari tuzish, milliy teatr san’atini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni Yevropa universitetlarida o‘qitish kabi yo‘nalishlardan iborat edi.
Ma’rifatparvarlarning millat kelajagi yo‘lidagi bu harakatlari mustamlakachi hukumat tomonidan qattiq tazyiqqa uchradi. Ma’rifatparvarlik harakati tazyiq va ta’qiblarga qaramay, keng quloch yoya boshladi va ayrim jabhalarda yashirin tus oldi.
XX asr o‘zbek maorifi va madaniyati, qolaversa, bugungi mustaqillik mafkuramiz asoslarining shakllanishida jadidchilik harakati va uning namoyandalarining o‘rni beqiyosdir. Ular tomonidan Turkistonda “usuli jadid” nomi bilan shuhrat topgan yangi maktablar tizimi joriy qilindi, o‘nlab jamiyatlar, shirkatlar tuzilib, ko‘plab yoshlar taraqqiy qilgan Yevropa mamlakatlariga o‘qishga yuborildi.
Shuningdek, o‘zbek teatr san’atining dunyoga kelishi, milliy matbuotning qaror topishi ham ularning jasorati va fidokorona mehnatlari mahsulidir. Ular birinchi bo‘lib Turkistonda zamonaviy oliy maktab g‘oyasini ilgari surdilar, imkoniyatlari yetganicha o‘z hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istibdodga qarshi kurashga tayyorladilar. She’r va maqolalar sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar.
Boisi, bu davrda Turkiston xalqi jaholat va mutaassiblik botqog‘iga botgan, mamlakat chor mustamlakachilari tomonidan zulm va tutqunlik girdobiga tortilgan edi. Mana shunday sharoitda millatni butunlay mahv etilish xavfidan asrab qolish, avlodlarni erk va ozodlikka, ma’rifat va taraqqiyotga yetaklash jadidlar nomi bilan tarixga kirgan Behbudiy boshliq fidoyilar zimmasiga tushdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, istiqlol g‘oyasining yalovbardori, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramachiligini boshlab bergan birinchi dramaturg, noshir, jurnalist edi.
Jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy 1874 yilning 30 yanvarida Samarqandda tug‘ildi. U tog‘asi Muhammad Siddiq yordamida xat-savodini chiqardi. Eski maktab-madrasada o‘qidi. Arab tilini o‘rgandi. Qozixonalarda mirzalik, qozilik vazifalarida ishladi. 1893-1900 yillarda Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Makkaga haj safariga boradi.
1903-1904 yillarda Moskva, Peterburg, keyinroq Qozon, Ufa shaharlarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya maskanlari bilan tanishadi.
1914 yilda Arabiston, Misr, Turkiya kabi bir qator mamlakatlarda bo‘ladi. Behbudiy o‘z davrining yirik allomalaridan biri, muftiy bo‘lishiga qaramay, hamisha bid’at va xurofotga qarshi kurash olib bordi, o‘z asarlarida islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri tushunish lozimligini uqtirdi, milliy masalaga keng e’tibor berdi.
Davriy matbuot sahifalarida zamonasining dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-adabiy maqolalari bilan faol ishtirok etdi. Behbudiyning o‘tgan asrning 15-yillaridan boshlab, Rossiya, Turkiya, Turkiston matbuotida 300 ga yaqin maqolasi, 13 ta darslik, badiiy va tarjima asarlari e’lon qilingan. Ushbu maqolalarning asosini ta’lim-tarbiya, madaniyat, ma’rifatparvarlik g‘oyalari tashkil etadi.
1913 yilda u Samarqandda ma’rifat, madaniyat, millat va ozodlik g‘oyalarini targ‘ib etadigan “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalini nashr etdi. 1911 yili “Padarkush” nomli birinchi o‘zbek dramasini yaratdi.
Behbudiy yangi usuldagi maktablarning ilk targ‘ibotchisi va asoschilari
dan biri, shuningdek, ana shu maktablar uchun darsliklar yaratgan yirik ma’rifatparvardir.
Behbudiy 1917 yilgi fevral inqilobi va oktyabr to‘ntarishidan keyin Turkistonning mustaqil va ozod bo‘lishi uchun tinimsiz kurashdi va bu ulug‘ maqsad yo‘lida o‘z jonini fido qildi. U Turkistonda milliy davlat qurish g‘oyasini ilgari surdi. O‘z xalqi taraqqiyotini ma’rifatda, uning siyosiy maqomi yuksalishida, milliy mustaqillikni qo‘lga kiritishida deb bildi. Uning “Haq olinur, berilmas!” degan so‘zlari jadidlarning shioriga aylandi. U Turkiston Muxtoriyatini olqishladi, hukumat a’zoligiga saylandi.
Behbudiyning 1917 yilgi fevral va oktyabr oylaridagi Vatanning keyingi taqdiri hal bo‘layotgan siyosiy jarayonlardagi fidokorona kurashi, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Behbudiy o‘z vaqtida chor Rossiyasi va jahon siyosiy sahnasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ziyraklik bilan kuzatadi va vatanparvar inson sifatida Turkistonning kelajagi haqida chin dildan qayg‘uradi. U bor kuch-g‘ayratini millatni uyg‘otishga bag‘ishladi. Behbudiy publitsistik maqolalarida tarix faniga alohida urg‘u berib, “Moziy – istiqbolning tarozusidir”, degan edi.
Behbudiy tarix fanining millatning o‘zligini anglashi hamda milliy birlikni mustahkamlashdagi o‘rnini teran his etardi. Uning eng katta orzusi Turkistonning mukammal tarixini yaratish bo‘lib, bu ishda Zaki Validi To‘g‘onga katta ishonch bilan qarar edi. “Kutubxonai Behbudiya”ning ham 70 foizdan ko‘p kitoblari tarix faniga tegishli edi. O‘zi ham tarix va geografiya fanlari bilan jiddiy qiziqib, bir qator maqolalar va kitoblar yozgandi.
U siyosiy arbob sifatida chor imperiyasi doirasidagi Rossiya musulmonlari ittifoqi partiyasi qurultoylarida faol ishtirok etdi. Rossiyadagi mavjud yirik siyosiy partiyalarni o‘rganib, ulardan sotsial-demokratlarni, ayniqsa, bolsheviklarning qarashlarini tanqid ostiga oladi va ularni hatto, havfli oqim sifatida qoralagan edi.
Behbudiy monarxiyachilar partiyasi qarashlaridagi maxdudlik sababli ularga ham qarshi chiqdi. Behbudiy bosiqlik bilan kurash olib borib, barcha musulmonlarni birlikka chaqiradi. U o‘sha murakkab davrda Muvaqqat hukumatni turkistonlik musulmonlar bilan teng huquqli munosabat olib borishga chaqirdi va ular uchun hukumatdan ajratiladigan o‘rinlar soni uchdan biridan kam bo‘lmasligini talab qildi.
1918 yilda Behbudiy “Ittifoq” jamiyatining sa’y-harakati bilan Samarqand musulmon maorif sho‘’basiga mudir etib tayinlanadi. Biroq, tashkilotdagi yevropalik vakillar unga ishlash uchun hech qanday imkoniyat bermadilar. Ayniqsa, Osipov isyonidan so‘ng avj olgan boshboshdoqliklar natijasida zo‘ravonliklar kundan-kunga kuchaydi. Behbudiy o‘zining Toshkentga so‘nggi safari davomida ham amalda hech qanday ijobiy natijaga erisha olmadi. U hech bir ilojsiz qoldi va barcha ishlarini tashlab, sog‘lig‘ini bahona kilib, sho‘rolarga xizmat qilishdan voz kechdi...
“Biz o‘z qismatimizni bilamiz... agar bizning hayotimiz hurriyat va xalqning baxt-saodati uchun kerak bo‘lsa, biz o‘limni ham xursandchilik bilan kutib olamiz... Mumkin qadar ko‘proq yaxshi maktablar ochish, shuningdek, maorif va xalq saodatini taminlash sohasida tinmay ishlash bizga eng yaxshi haykal bo‘ladi” (M.Behbudiyning qatl oldidan yozgan “vasiyatnoma”sidan).
Ha, bugun yurtimizda, ming-minglab jahon talablari darajasidagi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Zamonaviy bilim maskanlarida farzandlarimiz ta’lim olmoqda. Yuzlab yoshlarimiz chet ellarda faqat tahsil olishgina emas, ilmiy darajalar bilan Vatanga qaytmoqdalar. Iqtisod, siyosat, huquq, aniq va tabiiy fanlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, barcha-barcha sohalarda yurtdoshlarimiz eng yaxshi marralarni qo‘lga kiritmoqdalar. Bularning hammasi buyuk ajdodlarimiz, xususan, Behbudiy hazratlari orzularining ushalganligi emasmi?! Hazrat siymosi esa yildan-yilga mo‘’tabarlashib, ulg‘ayib, buyuklashib, nurlanib, barcha yoshlarimiz uchun mayoq bo‘lmoqda.
Xulosa shuki, Behbudiy har doim barhayot. Vatanimizning ravnaqi yo‘lida, ilmu fan taraqqiyotida amalga oshirilayotgan har bir ishimizda u kamarbasta. Uning ilmiy merosi, qarashlari aks etan maqolalarini o‘rganish oradan qancha vaqt o‘tishiga qaramay, har doim dolzarb ahamiyatga egadir. Uning fikrlari va intilishlari har bir vatandoshimizning qalbidan o‘chmas o‘rin egallamog‘i lozim.
Buning uchumaktab darsliklarini yaratishda jadid muallimlarining, millatimizni yangi zamon uchun safarbar etgan murabbiylarning kitoblarida keltirilgandidaktik hikoyalardan unumli foydalanish, farzandlarimizni ularning mardona hayotlari va ijodlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib borish maqsadga muvofiqdir.
Baxtiyor HASANOV,
tarix fanlari doktori, professor