Turizm yo‘nalishida g‘oyalar, loyihalar va bugungi davr formulasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Turizm yo‘nalishida oxirgi to‘qqiz yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasi bugun yaqqol sezilmoqda. Zamonaviy sayyoh muayyan mamlakatga borishni rejalar ekan, eng yaxshi tajribani izlaydi va bunga munosib makonni tanlashga intiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni xalqaro madaniy tadbirlar natijalari, turizm sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm ob’ektlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Tarixiy maskanlar, madaniy meros ob’ektlari, muzeylar va festivallar orqali tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan hududlar doimo sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Bu tajriba davlatlarni bir-biridan o‘rnak olishga undaydi.
Fransiya yoki Italiyaga nazar tashlasak, qahva iforlari anqib turadigan tor ko‘chalardan tortib, ulkan maydonlargacha har bir manzara tarix saboqlari va kelajak orzularini uyg‘unlashtirib turadi. Ispaniyaning betakror arxitekturasi esa insonni go‘yo tasavvurlar chorrahasiga olib kiradi.
Birlashgan Arab Amirliklari ham sahroda mo‘’jiza yaratib, madaniy loyihalarni global brend darajasiga ko‘tardi. Bu misollar shundan dalolatki, turizm rivoji tabiiy resurslardagina emas, balki g‘oyalar, ijodkorlik va rang-barang loyihalarda namoyon bo‘ladi. Yangi g‘oyalar paydo bo‘lgan sari sayyohlar oqimi ham ortib boradi. Quvonarlisi, O‘zbekiston ham bu formulani o‘ziga xos va jozibali tarzda namoyon etmoqda.
Xususan, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan madaniy meros ob’ektlarimiz, tashrif qog‘oziga muhtoj bo‘lmagan qadimiy shaharlarimiz, milliy taomlarimizning betakror ta’mi va mevalarimiz haqida uzun-uzoq gapirish shart emas. Biroq shunday ulkan salohiyat bo‘lganiga qaramay, 2017 yilga qadar viza bilan bog‘liq to‘siqlar, eski infratuzilma va zamonaviy formatlarning kamligi sababli O‘zbekiston xalqaro turizm maydonida ko‘p hollarda soyada qolib kelgani ham haqiqat. Vaqt esa sohada tubdan yangilanish zarurligini ko‘rsatdi.
O‘zgarishlar shiddati sohaga yangi sur’at berdi: vizalarni rasmiylashtirish yengillashdi, yangi mehmonxonalar va restoranlar barpo etildi. Madaniy yodgorliklar, muzeylar va art-klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, tematik festivallar o‘tkazish an’anaga aylandi. Bir paytlar sukutda turgan maskanlarda turizm yana jonlandi. Bugungi milliy va xalqaro tadbirlar sayyohlarda kamida bir marta O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini uyg‘otmoqda.
Samarqanddagi YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi shunday nufuzli tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegat qatnashdi. Buxoroda tashkil etilgan ilk Zamonaviy san’at biyennalesi ham mamlakatimizning xalqaro madaniy makondagi mavqeyini yanada mustahkamladi.
2025 yilga kelib O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 11 million nafardan oshdi. Turistik xizmatlar eksporti hajmi esa 4,8 milliard dollarga yetdi. Vizasiz tartib joriy etilgan davlatlar soni 94 taga yetkazildi.
Taqdimot davomida turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish, yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Turizm qo‘mitasiga yaqinda tayinlangan rais Abdulaziz Aqqulov intervyu berar ekan, sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlab, bu yo‘nalish kelgusi rivojning muhim omili ekanini bildirdi.
– Davlat va xususiy axborot tizimlarini integratsiya qilib, Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi, – deydi u. – Qisqacha aytganda, har bir ob’ekt uchun master reja ishlab chiqib, infratuzilmani kompleks rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Tadbirkorlarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilgan holda sayyohlarni ob’ektgacha olib kelish mexanizmi mustahkamlanadi.
Shuningdek, kasbga tayyorlash, aholini ish bilan ta’minlash va sohada malakali kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.
“Yagona turizm” milliy platformasi ishga tushirilib, 16 vazirlik va idora axborot tizimlari bir makonga integratsiya qilinishi rejalashtirilgan. Bu orqali sayyohlar safarini tashkil etish va davlat miqyosida tahlil olib borish imkoni yaratiladi.
Asosiy e’tibor xorijda mamlakatimiz targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish, hududlardagi jozibador maskanlarni hokimliklar bilan birga aniq rejalar asosida rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekistonning bu sohadagi salohiyati yuqori. Shu bois xalqaro tadbirlarni keng qamrovda o‘tkazish, kompaniyalar faoliyatini muvofiqlashtirish va davlat tomonidan ko‘maklashish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/km53TzCwBNw?si=7R58O8liXtZ2mktm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA