“Turizm va OAV munosabatlari” – Xitoydagi xalqaro konferensiya bosh mavzusi bo‘ldi
Xitoy aholi soni jihatidan dunyoda Hindiston bilan birgalikda birinchi-ikkinchi o‘rinlarni egallaydi. Modomiki 1,5 milliard aholining bir qismi voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, yana bir qismi 60 yoshdan oshganlardir. Bu esa turizm tashkilotchilaridan masalaga tabaqalashuv jihatidan yondashuvni talab etadi.
Masalan, Xitoyda nafaqadagi insonlar 323 millionga yetgan. Ularni sog‘lomlashtirish maqsadida sayohat qildirish xarajatining o‘zi 2 trillion yuan (300 milliard dollar)ga yetgan. Yillik o‘sish esa 15-20 foizni tashkil etmoqda.

– Qolaversa, hozirgi vaqtda sayohatda uzoq muddat yashash yangi udumga aylanmoqda, – deydi Xitoyning Guychjou provinsiyasi madaniyat departamenti rahbari Van Chju. – Sayyohlar minglab chaqirim yo‘l bosib, ko‘ngliga yoqqan shaharni tanlaydi, tog‘lar va daryolar qo‘ynida orom olib, begona yurtni o‘z vataniga aylantiradi hamda kundalik hayot oqimida yanada xotirjam va erkin turmush tarzini izlaydi. Sayohatda yashash industriyasi turizmni yuqori sifatli rivojlantirishning yangi yo‘liga aylanib, odamlarning turmush tarzi, iste’mol xulq-atvori va ijtimoiy munosabatlarini qayta shakllantirmoqda.

Xo‘sh, shunday sharoitda turizmni rivojlantirish va ommaviy axborot vositalari munosabatlari qanday asoslarda qurilishi lozim?
Xitoyning Guychjou shahrida bo‘lib o‘tgan jurnalistlarning xalqaro konferensiyasida shu mavzu muhokama qilindi. Uning ishida Yevropa va Osiyo, jumladan, Markaziy osiyo davlatlari jurnalistlari ishtirok etdi.

O‘zbekistonlik qatnashchilar turizm infratuzilmasini mustahkamlashning o‘zi muammolarni hal qila olmasligi, sayohat manzillari haqida rusiyzabon xalqlar uchun turli shakldagi bosma va elektron axborotlar ingliz, xitoy, ispan tillari qatori xalqaro maqomdagi rus tilida ham bo‘lishi lozimligi, tarjima texnologiyalarini zamonaviy sinxron tarjima texnik vositalariga almashtirish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari bilan shartnoma asosidagi loyihalar ko‘lamini kengaytirish kabi takliflarni kiritdi.


Konferensiya doirasida Xitoyning dunyodagi 70 ta davlatda muxbirlik bo‘limi bo‘lgan CNS axborot agentligi bosh direktori Chjan Ley bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi va 2027-yil rejalari ma’qullandi.
Muhammadjon Obidov,
Xitoy, Guychjou shahri, O‘zA