Turizm taraqqiyotining yangi bosqichi
Mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylantirish, sayyohlar uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda xizmatlar sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan sohani rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizda yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda, mehmonxonalar soni ortib, xizmat ko‘rsatish sifati izchil takomillashtirilmoqda.
Davlat rahbarining turizmni milliy iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlar iqtisodiyotini yuksaltirish va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan tashabbuslari bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Buning yorqin isbotini Buxoro viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. 2026-yilning dastlabki besh oyi davomida viloyatga 1 million 425 mingdan ortiq xorijiy hamda 2 million 680 mingdan ziyod mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti esa 407,3 million AQSH dollariga yetdi. Bu raqamlar Buxoroning nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoning eng jozibador turistik markazlaridan biriga aylanib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Biroq sayyohlar oqimining ortishi bilan bir qatorda xizmatlar sifatini ham xalqaro darajaga olib chiqish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Zero, mehmonning mamlakat haqidagi ilk taassuroti avvalo mehmonxonada shakllanadi. Tabassum bilan kutib olish, yuqori madaniyatli muloqot, tozalik, tezkor xizmat va mehmondo‘stlik mamlakat imijini belgilaydigan muhim omillar hisoblanadi.
Ana shu maqsadda Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan Buxoro viloyatida mehmonxona sohasi mutaxassislari uchun Front Office va Housekeeping yo‘nalishlari bo‘yicha uch kunlik amaliy malaka oshirish treninglari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida mehmonxonalarning qabul xizmati va xo‘jalik bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etib, xalqaro mehmondo‘stlik standartlari, mehmonlar taassurotini boshqarish (Guest Experience), xizmat sifati nazorati, Front Office va Housekeeping operatsiyalarini samarali tashkil etish, shuningdek, real hayotiy keyslar asosida amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.
Treninglar nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, ishtirokchilarga zamonaviy mehmonxona boshqaruvida uchraydigan turli vaziyatlarni tahlil qilish, muammolarga tezkor yechim topish va xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini ham berdi.
Bugungi kunda dunyo turizm bozorida raqobat nafaqat tarixiy obidalar yoki tabiiy go‘zalliklar, balki xizmat ko‘rsatish sifati bilan ham belgilanmoqda. Shu ma’noda inson kapitaliga investitsiya kiritish, sohada mehnat qilayotgan kadrlarning malakasini muntazam oshirish O‘zbekiston turizmining xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri