Turizm shaharcha sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi
Turizm iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi sifatida mamlakatga katta daromadni keltiradi, yuqori valyuta tushumini ta’minlaydi, aholini ish bilan bandlik darajasini oshiradi. Bu soha rivoji uchun esa xizmat ko‘rsatish tizimini muntazam rivojlantirib borish zarur.

Buxoro viloyatida ham turizmni rivojlantirish, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Bobokalonovning ta’kidlashicha, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yaxshilash borasida bir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Buxoro shahri “Gulchorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini Qalqon ko‘chasi yo‘l yoqasida “Turizm shaharchasi”ni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi S. Bobokalonov. – Bu yerning umumiy maydoni 195 gektarni tashkil etadi. 3-4 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Loyihaga mahalliy tashabbuskorlar hamda yoshlar jalb qilinadi. Har bir ob’ekt Yandex, Google kabi xalqaro navigatsiya xaritalariga kiritiladi.
Buxoroga tashrif buyuradigan sayyohlarning asosiy qismi eski shaharni aylanadi. Yangi turistik yo‘nalishlarning yetishmasligi sayyohlarning viloyatda kam muddatda (2-3 kun) qolishiga sabab bo‘lmoqda. Tashrif buyuradigan sayyohlarga yuqori xizmat ko‘rsatish, aholi bandligini oshirish, sayyohlarni eski shahar qismidan boshqa yo‘nalishga jalb qilish maqsadida turizm shaharchasini barpo qilish talab etiladi. Loyihaning afzalligi ham shunda. Loyihadan kutilayotgan natijalar ya’ni mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi destinatsiya yaratiladi. Barcha xizmat ko‘rsatish turlari bitta hududda mujassamlanadi, bu orqali mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratiladi. Yosh tadbirkorlarga o‘zining loyihasini amalga oshirishga imkon yaratiladi.

“Turizm shaharchasi”ni barpo etish orqali raqobatchilar soni oshadi va o‘z-o‘zidan xizmat turlari soni ko‘payadi hamda sifat yaxshilanib, xizmatlar diversifikatsiyalanadi. Madaniy meros ob’ektlariga zarar yetkazish kamayadi. Mazkur hudud turizm infratuzilmalarini yaratish orqali obod bo‘ladi. Sayyohlarning viloyatda qolish davomiyligi oshadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Turizmdan tushayotgan yillik daromad oshadi.
Majmuada O‘zbekistondagi jahon madaniy merosiga kiritilgan yodgorliklarning maket loyihalari, butik mehmonxonalar, milliy choyxonalar, ixtisoslashgan restoranlar, milliy ovqatlar rastasi, milliy hammom, hunarmandchilik markazlari, muzey, kreativ haykalchalar maydoni, qo‘l mehnati mahsulotlari savdosi, turistik info kiosklar, velosipedlar ijarasi, elektromobil, avtoturargoh kabi loyihalar amalga oshiriladi.
“International region” majmuasidan zamonaviy 3, 4 yulduzli mehmonxonalar, biznes markazi, savdo ko‘ngilochar markazlar, Yevropa va ixtisoslashgan restoranlar, fast fud, Kongress zal, ekoturizm maskani, klinika, kinoteatr, basseyn, sauna, Street art, turistik info kiosklar, elektromobil, velosipedlar ijarasi, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, elektromobillarni quvvatlantirish nuqtalari, avtoturargoh o‘rin olgan.
“Modern Bukhara” da dam olish va ko‘ngilochar markazlari zamonaviy 3, 4 yulduzli mehmonxonalar, 24/7 faoliyat olib boradigan restoranlar, tungi klublar, karaoke barlar, basseynlar, sauna, spa salon, tematik va akva park, golf maydonchasi kabi qo‘shimcha xizmatlar yaratiladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlarning ehtiyojini talab darajasida qondirish, ularga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, xizmatlar sohasini diversifikatsiya qilish bugungi kun turizm rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham sohaga boshqacha yondashib, bu kabi turizm shaharchalarini barpo etish orqali sayyohlarning qolish davomiyligini uzaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, xizmat turlarini kengaytirish hamda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa ob’ektlarni barpo etish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri