Turizm – eng tez daromad keltiruvchi soha
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarida ekoturizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Davlatimiz rahbari 2023 yil 24-25 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Shahrisabz tumanida “Shahrisabz turistik markazi”ni, Qamashi tumanida esa “Maydanak baland tog‘ turistik markazi”ni tashkil etish, xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulay infratuzilma va sayohat manzillari yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Xo‘sh, birinchi bosqichda nima uchun aynan Shahrisabz va Qamashi tumanlari tanlab olindi?
Xususan, Shahrisabz tumani o‘zining tarixi, maftunkor tabiati, zilol suvlari, o‘simlik dunyosi, baland tog‘lari bilan ko‘p yillardan buyon mahalliy sayyohlarni o‘ziga jalb etib keladi. Qolaversa, 10 ta tog‘li mahallalar turizm mahallalari sifatida tanlab olinib, 2021 yildan turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan edi.
Tuman hokimligi bergan ma’lumotlarga qaraganda, tumanning Miraki hududida yoz oylarida sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortadi. 2022 yilda tumanga 644 ming mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 655 ming nafarni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 2,5 barobarga ortgan.

O‘tgan yil oktyabr oyida mamlakatimiz Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifidan so‘ng belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Shahrisabz tumanida turizmni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.
– Dastlab Prezidentimizning 2023 yil 28 noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish va boshqarish departamenti hamda “Shahrisabz turistik markazi” tashkil etildi, – deydi mazkur departament direktori vazifasini bajaruvchi Javohir Tojiyev. – Germaniyaning “ECM GROUP” kompaniyasi bilan hamkorlikda Miraki, Amir Temur, Polmon va Uloch mahallalaridagi 240 gektar yer maydonining master-rejasi ishlab chiqildi. Master-rejaga ko‘ra mehmonxona, mehmon uyi va dam olish maskani yo‘nalishlarida umumiy qiymati 117 million dollarlik 48 ta yirik hamda o‘rta yangi xizmat ko‘rsatish loyihalari amalga oshiriladi va 1,7 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Ayni paytda “O‘zsanoatqurilishbank”, “Milliybank” va “Asakabank” tomonidan 60 million AQSH dollarlik 1 ming 100 o‘rinli 2 ta mehmonxona, 3 ta xostel, 3 ta restoran, savdo ko‘ngilochar kompleks va 1,7 kilometr uzunlikdagi dor yo‘li loyihalarida qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 1 ming 300 o‘rinli 29 million AQSH dollarlik 17 ta mehmonxona, mehmon uylari, sanatoriy yo‘nalishlarida loyihalarning qurilish ishlari boshlandi.

Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish va boshqarish departamenti bergan ma’lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi loyihalar foydalanishga topshirilsa, joylashtirish vositalari 19 tadan 74 taga, umumiy ovqatlanish 3 tadan 21 taga ko‘payadi. Yangi xizmat ko‘rsatish turlaridan akvapark, vino, agro, chorvachilik, ekstremal, etno va hunarmandchilik turizm yo‘nalishlari yaratilib, kunlik turistlar sig‘imi 1,5 mingdan 12 mingga oshiriladi hamda 1 millionga yaqin mahalliy turistlar jalb qilinadi.
Bundan tashqari, master-rejaga asosan 27 milliard so‘mga 10 kilometr uzunlikda piyodalar va veloyo‘laklar qurish ishlari olib borildi. 2023-2024 yillarda “Miraki” turizm mahallasi infrastrukturasi uchun 107,6 milliard so‘m yo‘naltirildi.
– Oxirgi bir yilda mahallamizda amalga oshirilayotgan ishlarning salmog‘i yo‘q, – deydi “Miraki” mahallasi faol nuroniylaridan biri Zulfiya Allayeva. – Mahallamiz to‘liq kanalizatsiya tizimiga ulandi. Elektr tarmoqlari yangilandi. Barcha ichki ko‘chalarimizgacha asfaltlashtirildi. Shahrisabz shahridan keladigan avtomobil yo‘li kapital ta’mirlandi. Elektr tarmoqlari yangilandi. Yirik-yirik mehmonxonalar qurilyapti. Yana qo‘shimcha uy mehmonxonalari tashkil qilinyapti. “Mega MOOLL” katta savdo markazi bitay deb qoldi. “Hisorak” suv omboriga katerlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Biz bundan xursandmiz. Mahallamiz ixcham va zamonaviy shaharchaga, haqiqiy turizm markaziga aylanmoqda.

Qolaversa, turizm nafaqat mamlakat iqtisodiyoti uchun serdaromad soha, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishi bilan birga bir nechta turdosh sohalarning rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi. Xususan, savdo-sotiq, turli xizmatlar ko‘rsatish rivojlanadi.
Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, yuvish, mahalliy ovqatlar pishirib sotish orqali ham aholining daromadlari ortishiga erishiladi. – deydi Miraki mahallasi hokim yordamchisi Nurbek Xolmurodov. – Kimdir qurt, kimdir Shahrisabzning patirlarini tayyorlab sotishi mumkin. Yana birovi otda sayr etishni yo‘lga qo‘ysa, boshqasi qushlardan kichikkina sayohat manzilini tashkil etishi mumkin. Qolaversa, tumanimizda yer boniteti yuqori bo‘lganligi, suvi shirinligi bois meva-sabzavotlarning ta’mi ham boshqacha bo‘ladi. Sayyohlar oqimining ortishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rivojlanishiga olib keladi.
Darvoqe, yurtimizda keyingi yillarda agroturizm iborasi ham tez-tez qo‘llanila boshlandi. Xususan, Parkent, Bo‘stonliq va Zominda bo‘lgani kabi Shahrisabz tumanida ham turizmning ushbu yo‘nalishini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida “Uloch” MFYdagi lalmi maydonlarda 500 gektar yer o‘zlashtirilib, bog‘ va uzumzorlar tashkil etish boshlandi.

– Bu yerda ming tonnalik sovitkich, mehmonxona, restoranlar va chorva kompleksi qurilmoqda, – deydi Tovar-xomashyo birjasi Qashqadaryo filiali rahbari Bekzod Qurbonov. – Ushbu loyihaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning 700 ming yevro granti hamda viloyat hokimligi byudjetidan 4,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 13 kilometrlik quvurlar o‘rnatildi va suv chiqarildi. Ayni paytda suv tejovchi texnologiyalari joriy qilinmoqda. Qolaversa, Respublika tovar xomashyo birjasi tomonidan bog‘ barpo qilish ishlariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hozirgacha sohada yuqori tajribaga ega bo‘lgan Farg‘ona viloyati bog‘bonlari jalb qilinib, jami 120 gektar yer maydonida, shundan 60 gektarda eksportbop uzum navlari, 60 gektarida mevali bog‘zor tashkil qilindi. Tashkil qilingan uzumzorlarda beton ustun “shpaler” o‘rnatish ishlari olib borildi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida ming nafar doimiy va 3 ming nafar mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Hududda 7 ming 500 tonna mahsulot yetishtirilib, yiliga 2,5 million dollar eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari turizm yo‘nalishidagi yirik loyihalardan biri – G‘elon va Sarchashma qishloqlari oralig‘ida umummavsumiy tog‘-chang‘i kompleksini barpo etish ishlari boshlandi. Rossiyalik investorlar – “Kazanskiye kanatnыye dorogi” va “Snou servis” MCHJlar ta’sischiligidagi ushbu loyiha ishga tushsa, yangi 150 ta ish o‘rni yaratiladi. Qolaversa, Markaziy Osiyoda yagona tog‘-chang‘i kurorti tashkil etiladi.

– Maydoni 2,9 ming gektar bo‘lgan ushbu majmua bosqichma-bosqich barpo etiladi, – deydi Shahrisabz tumani hokimining o‘rinbosari Temur Amirqulov. – 1-bosqichda – 5,9 kilometr gondolali dor yo‘li, 4 ta tog‘-chang‘i yo‘li, 35 ta villa, 1 ta tashrif markazi, 4 yulduzli mehmonxona, 5 qavatli avtoturargoh, restoran, vertolyot maydonchasi, bolalar shaharchasi va daryo bo‘ylab yo‘lakchalar quriladi. 2- va 3-bosqichlarda – 3,8 kilometr o‘rindiqli va 2,9 kilometr gondolalidor yo‘li, 21 ta tog‘-chang‘i yo‘li, 3,4 va 5 yulduzli 3 ta mehmonxona, 2 ta restoran, 75 ta villa, kuzatuv minorasi, ziplayn, rodelban va skayparklardan iborat attraksionlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Majmua qurib bitkazilgach, bir paytning o‘zida 7 ming sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 300 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Qolaversa, turizm loyihalariga parallel tarzda Hisorak suv ombori negizida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 79 million dollar xorijiy kredit hisobiga quvvati soatiga 24 MVt bo‘lgan 4 ta – Tamshush, Chappasuv, Ravot va Hisorakmikro GESlari barpo etilmoqda.

Loyiha qurilishi Xitoyning “CHINA NATIONAL ELECTRIC ENGINEERING” CO., LTD kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, hozirgacha 28 million AQSH dollarlik xorijiy kreditlar o‘zlashtirildi. Loyihalar ishga tushirilishi natijasida 400 ta ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiya esa turizm manzillariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, respublika byudjetidan 81,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, nosoz bo‘lgan 126 kilometr yo‘lda joriy va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Olis tog‘li G‘elon va Sarchashma qishloqlariga olib boruvchi Miraki – Hisorak, Hisorak – G‘elon, Hisorak – Sarchashma avtomobil yo‘llariga asfalt qoplamasi yotqizildi. Bu esa ushbu qishloqlarga sayyohlar oqimining oshishiga olib keldi. Natijada G‘elonda kuniga 500 nafardan 700 nafargacha mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Qishloqda esa tadbirkorlar tomonidan 5 ta xostel, 11 ta uy mehmonxonasi, 30 ga yaqin dam olish maskanlari barpo etildi.
Darhaqiqat, turizm eng tez daromad keltiruvchi soha hisoblanadi. Shahrisabz tumanida ham amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari o‘z samarasini beradi, albatta. Hudud xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun shonli tariximiz hamda porloq kelajagimiz tutashgan nuqta sifatida o‘zgacha taassurot uyg‘otsa, ajabmas. Qolaversa, bu tuman aholisining bandligi, daromad manbalari oshishiga ham sezilarli ta’sir qiladi. Bir so‘z bilan aytganda qishloqlardan tarkib topgan Shahrisabz tumani zamonaviy qiyofa kasb etib boradi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari