Turar joylar aholi talablariga javob bermoqdami?
Qaror va ijro
“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari ijrosi, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi amaliy ishlarning holati muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Jumladan, harakatning Namangan hududiy bo‘linmasi mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda ko‘p qavatli uylarning umumiy mol-mulkini saqlash, undan samarali foydalanish va uni ta’mirlash, ularga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini Namangan shahri, Yangiqo‘rg‘on, Davlatobod, To‘raqo‘rg‘on, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari misolida yaqindan o‘rgandi.
Bugungi kunda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1084 xonadondan iborat 57 ta ko‘p qavatli uy-joyga Prezident qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar” dasturiga asosan o‘tkazilgan hududiy tanlov natijalari bo‘yicha “Yangiqo‘rg‘on obod uy kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi biriktirilgan.

Monitoring davomida boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan yil davomida amalga oshirgan ishlar yuzasidan mulkdorlarga hisobotlarni taqdim etib kelayotganligi aniqlandi. Majburiy badal va to‘lovlarni yig‘ish “Mening uyim” billing tizimi orqali amalga oshiriladi. Uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi dispetcherlik va avariya xizmatlari (maxsus texnikalar) bilan shakllangan.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarida biriktirilgan nazoratchilardan va mulkdorlarning murojaatlariga ko‘ra, uylarning tom qismlarida joriy ta’mirlash va kirish yo‘laklariga beton qoplamalar yotqizilgan. Qolaversa, boshqaruv tashkiloti tomonidan doimiy ravishda uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha profilaktik ishlari olib boriladi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Namangan hududiy bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nargiza Muhammadiyeva. – Ushbu ko‘pqavatli uylarda avval faoliyat yuritgan shirkatlar tomonidan banklardan kredit mablag‘lari olingan bo‘lib, ushbu qarz boshqaruv servis kompaniyasiga avtomatik ravishda o‘tgan va hozirda kreditlar yopilmasdan muzlatib qo‘yilgan.
“Yuksalish” harakatining monitoring ishlari Namangan shahrida davom ettirildi. Viloyat markazidagi “Chorsu” dahasida joylashgan 18 ko‘pqavatli uyda 118 xonadon mavjud. Ularga tanlov asosida “G‘isht ko‘prik dahasi” va “Chorsu uylari” boshqaruv servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Boshqaruv servis kompaniyasining mulkdorlar bilan aloqalari 24/7 soatli dispetcherlik xizmati va hududning maxsus telegramm kanali orqali yo‘lga qo‘ygan. Mulkdorlarga uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi dispetcherlik va avariya xizmatlari tashkil etilgan. 2024/2025 kuz-qish mavsumi chora-tadbirlar rejasiga asosan uchta ko‘pqavatli uylarning tom qismlari ta’mirlangan. O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, kompaniya tomonidan obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga kredit mablag‘lari ajratilmagan va loyihalar amalga oshirilmagan.
“Chorsu uylari” boshqaruv servis kompaniyasi hududdagi 20 ko‘pqavatli uylarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Uylardagi xonadonlar soni 520 tani tashkil etadi. Prezident qaroriga asosan ko‘pqavatli uylarda amalga oshirilishi belgilangan mukammal va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar ajratilmagan.
2023 yildan buyon mulkdorlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan mazkur boshqaruv servis kompaniyasida santexnik, elektrik, duradgor, payvandchi mutaxassislar va kunlik obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlar mavjud. Majburiy badallar va to‘lovlar qiymatini belgilashda mulkdorlar o‘rtasida yig‘ilishlar o‘tkazilib, xonadon egalari bilan kelishib olingan. Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishni istamayotgan xonadon egalarining tashkilotlarga ogohlantirish aloqa xatlari yuborilgan, lekin natija bo‘lmagan. Kompaniyada uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etuvchi xizmatlar tashkil etilgan.

Namangan shahridagi Ilg‘or, Bo‘ston, Xaqiqat, Boburshoh, Qadamjo, Lola va Sharq tongi mahallari tasarrufidagi 52 ko‘pqavatli uy joylashgan bo‘lib, ulardagi xonadonlar soni 1 ming 500 tani tashkil etadi. O‘tkazilgan hududiy tanlov natijalariga ko‘ra, “Universal komfort siti” boshqaruv servis kompaniyasiga 44 ta va “Ahil qo‘shnilar” boshqaruv kompaniyasiga sakkizta ko‘pqavatli uy biriktirilgan. Uylarda mukammal va joriy ta’mirlash ishlari majburiy badal va boshqaruv tashkiloti mablag‘i hisobidan amalga oshirib kelinmoqda.
Monitoringda aniqlanishicha, 2023 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Universal komfort siti” boshqaruv serviz kompaniyasining shtat jadvaliga ko‘ra, santexnik, elektrik, payvandchi, duradgor, liftyor mutaxassislari mavjud. Majburiy badal va to‘lovlarni yig‘ish “Mening uyim” billing tizimi orqali amalga oshiriladi. Lekin hududda faoliyat yurituvchi boshqa boshqaruv serviz kompaniyasining majburiy badal va to‘lovlar narxlaridagi tafovutlar mavjud. Boisi shundaki, mulkdorlarning deyarli yarmi umuman to‘lovlarni amalga oshirmaydi.
Davlatobod tumani hududida jami 509 ko‘pqavatli uydagi 24 ming 466 xonadonga 12 boshqaruv servis kompaniyasi va bitta shirkat xizmat ko‘rsatadi. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga binoan tajriba-sinov tariqasida ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan boshqaruv servis kompaniyasiga biriktiriladigan Mustaqillik, Navbahor va To‘quvchi mahallalari tanlab olingan. Ularga tanlov asosida “Fayozbek Nigina”, “Mustaqillik”, “Yorqin dunyo”, “Navbahor obod diyor” shirkati biriktirilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shirkat tomonidan ko‘p qavatli uy-joylarda aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish asnosida o‘tgan kuz-qish mavsumida ko‘p kvartiralarni ta’mirlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yangi Namangan tumanida davom ettirilgan monitoring jarayonlaridan ma’lum bo‘lishicha, Oromgoh mahallasi hududida 35 ko‘p qavatli uy mavjud. 5 ming 444 xonadondan iborat mazkur uylarga “Oromgoh ravnaqi” boshqaruv servis kompaniyasi biriktirilgan. Ko‘pqavatli uylarda amalga oshirilishi belgilangan mukammal va joriy ta’mirlashni amalga oshirish xonadon egalarining majburiy badali va boshqaruv servis kompaniyasining o‘z mablag‘idan qoplanmoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumani hududida mavjud 75 ko‘pqavatli uylarda xonadonlar soni 1 ming 675 tani tashkil etadi. Ularga “To‘raqo‘rg‘on” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatib keladi.
Ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi servis kompaniyasining uzluksiz 24/7 soat rejimidagi dispetcherlik xizmatiga aloqa telefoni va hududda tashkil etilgan telegramm kanali orqali bog‘lanishi mumkin. Sovuq kunlarni betalafot o‘tkazish maqsadida to‘rtta ko‘pqavatli uyning tom qismlari mukammal ta’mirlandi, 13 ta uyning kirish yo‘laklariga temir eshiklar o‘rnatildi, beshta uyning kirish qismidagi fromuga oynalari yangilandi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari, boshqaruv servis kompaniyalari mutasaddilariga ko‘pqavatli uylarni uzoq yillar saqlab turish va ularni sifatli ta’mirlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bir qator tavsiyaviy takliflar berildi.
Masalan, istak bildirgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan boshqaruv servis kompaniyalariga binolar qurilishida davlat xususiy sherikchilik asosida ruxsat berish lozim. Boshqaruv servis kompaniyasiga ko‘pqavatli uylarni saqlash va ta’mirlash, obodonlashtirish ishlariga rejalashtirilgan loyihalarga tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar ajratish maqsadga muvofiq.
Qolaversa, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan mulkdorlarga belgilangan tartibda chora-tadbirlarni qo‘llash ularning xonadon sohiblari sifatida majburiyatlarini anglashga katta turtki beradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri