Tuman hokimi tadbirkorlarga ko‘makchi
Ayni kunda tumanda 8 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunda tumanda 8 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalasi davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi Bag‘dod tumani hokimi Alibek Tursunov. – Tadbirkorlik rivojlanishi natijasida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalari o‘z yechimini topadi. Tumanimizda ham tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda.
Bugungi kunda tumanda o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olib, dadil odimlayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni ortib bormoqda. Xususan, “Abror” ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi va “Vodiy treyd” korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlari yurtimizda o‘z xaridorlariga ega. Shuningdek, tuman eksport salohiyatini yuksaltirishda “Aramati Bagdada”, “Marvel invest” xususiy korxonalari, “Barhayot agro”, “Bag‘dod yong‘oq agro” va “Agro Fergana eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “SWOX Company” korxonasi, “Munis Fayz – 2019”, “Sho‘rtepa oydin ko‘li”, “Fergana garden fruts”, “Alimardon agro” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklarining sezilarli ulushi bor.
Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 542 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, ularning soni qariyb 6 mingtaga yetdi.
“Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi asosida tumanda shu davrga qadar 1 ming 397 nafar jismoniy va yuridik shaxsga 19 milliard 239 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, qo‘shimcha 1,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi, yuzlab muhtoj oilalarda uy mehnati, kasanachilik va boshqa turdagi tadbirkorlik tashkil etildi. O‘z navbatida, shu yo‘l bilan oilalar qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida esa 16 ta loyiha moliyalashtirildi va buning uchun 4 milliard 315 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i yo‘naltirilib, 120 ta ish o‘rni yaratildi.
Tuman hokimi tadbirkorlarga murojaat qilib, ularga har qanday masalada ko‘makchi ekanligini ma’lum qildi.