Transyog‘lar – sog‘liq uchun yashirin xavf: jamiyatni tashvishga solayotgan muammo tahlili
Tibbiy madaniyat
So‘nggi yillarda jahon tibbiyot hamjamiyati va yetakchi olimlar insoniyat sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solayotgan yana bir “ko‘rinmas dushman” – transyog‘lar haqida bong urmoqda. Rivojlangan davlatlar bu moddani oziq-ovqat sanoatida qo‘llashni qat’iyan taqiqlay boshladi yoki keskin chekladi. Zamonaviy oziq-ovqat bozoridagi raqobat va iste’mol madaniyatining o‘zgarishi fonida transyog‘larning inson organizmiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri bugungi kunning eng dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammolaridan biriga aylandi.
Transyog‘lar o‘zi nima va ular qayerdan paydo bo‘ladi degan savolga ilmiy nuqtai nazardan qarasak, ular suyuq o‘simlik moylarini sun’iy ravishda qayta ishlab, qattiq yog‘ holatiga keltirish jarayonida, ya’ni gidrogenizatsiya natijasida hosil bo‘ladigan sun’iy birikmalar ekanini ko‘ramiz. Ularning kelib chiqishi asosan ikki xilga bo‘linadi. Birinchisi sanoat transyog‘lari bo‘lib, o‘simlik moylarini vodorod bilan to‘yintirish orqali olinadi va bu mahsulotlarning saqlash muddatini cho‘zadi hamda iste’mol qilinganda yoqimli ta’m beradi. Ikkinchisi esa tabiiy transyog‘lar bo‘lib, ayrim qoramol va qo‘y go‘shti hamda sut mahsulotlarida juda kam miqdorda uchraydi, lekin ularning miqdori oz bo‘lgani sababli sanoatniki kabi keskin salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi tibbiy markazlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, sun’iy trans yog‘larning inson organizmiga hech qanday fiziologik foydasi yo‘q va ular faqatgina vayronkor ta’sir ko‘rsatadi. Organizmga zararli ta’sirlari juda keng qamrovli bo‘lib, birinchi navbatda qondagi yomon xolesterin miqdorini keskin ko‘tarib, yaxshi xolesterinni pasaytiradi va tomirlarda tromblar hosil bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, ular organizmda surunkali yallig‘lanishlarni keltirib chiqarib, immunitet tizimini zaiflashtiradi. Hujayralarning normal ishlashiga to‘sqinlik qilib, moddalar almashinuvi va gormonal fonni izdan chiqaradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, har yillik surunkali kasalliklardan o‘lim holatlarining sezilarli qismi aynan transyog‘larning haddan tashqari iste’moli bilan bevosita bog‘liq.
– Sanoat transyog‘larini muntazam va ortiqcha iste’mol qilish o‘ta xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, yurak-qon tomir kasalliklari kabi infarkt, insult va ateroskleroz xavfini bir necha barobar oshirib, tomirlar elastikligini yo‘qotishiga olib keladi, – deydi endokrinolog Bekzod Odilov. — Shu bilan birga, ular organizmning insulinga bo‘lgan sezgirligini pasaytirib, ikkinchi turdagi qandli diabet xavfini yuzaga keltiradi. Qorin sohasida visseral yog‘ to‘planishiga sabab bo‘lib, ortiqcha vazn va semirish hamda metabolik sindromga olib keladi. Shu bilan birga, insonning himoya tizimini izdan chiqarib, bosh miya faoliyatining susayishiga va xotira pasayishiga ham sabab bo‘ladi.
Shifokorning tushuntirishicha, bu xavfli moddalar kundalik hayotimizda juda ko‘p mahsulotlarda yashiringan bo‘ladi. Ko‘pchilik iste’molchilar bu modda qayerda borligini bilmaydi. Transyog‘lar asosan bir o‘simlik moyi qayta-qayta qizitilib ishlatiladigan fast-fud va frityurda tayyorlanadigan taomlarda, margarin va arzon konditer yog‘larida ko‘p uchraydi. Shuningdek, pechene, vafli, tort va pirojniylarning kremlari kabi qandolat mahsulotlarida, muzlatilgan kotletlar, pitssalar va xamir mahsulotlari kabi yarim tayyor mahsulotlarda hamda qadoqlangan sneklar va quruq gazaklarda ham keng tarqalgan.
Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, dunyo jamoatchiligi bu muammoga qarshi keskin choralar ko‘rayotganini ko‘ramiz. Masalan, Daniya dunyoda birinchi bo‘lib sanoat transyog‘laridan foydalanishni qonunan taqiqlagan va shu orqali yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada kamaytirishga erishgan. AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida oziq-ovqat mahsulotlaridagi sun’iy transyog‘lar miqdori qat’iy me’yorlashtirilgan yoki ularni ishlab chiqarishdan bosqichma-bosqich chiqarib yuborilgan. JSSTning maxsus dasturlari orqali esa dunyo bo‘ylab sanoat transyog‘larini umumiy oziq-ovqat zanjiridan batamom chiqarib tashlash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda.
Bu kabi xavflarning oldini olish uchun aslida qanday yog‘ni iste’mol qilish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
– Inson organizmi normal ishlashi uchun yog‘lar suvdek zarur, biroq gap qaysi turdagi va qancha miqdordagi yog‘ni iste’mol qilishda, – deydi B.Odilov. – Sog‘lom yog‘larni tanlashga e’tibor qaratish kerak, ularga zaytun moyi, bodom, avokado kabi monoto‘yinmagan yog‘lar hamda dengiz baliqlari, yong‘oqlar, zig‘ir urug‘i va kungaboqar moyi kabi polito‘yinmagan yog‘lar kiradi. Ular yurak hamda miya salomatligi uchun g‘oyat foydalidir. Mo‘’tadillikka rioya qilgan holda sifatli tabiiy sariyog‘ yoki toza hayvon yog‘larini cheklangan miqdorda iste’mol qilish mumkin. Ammo gidrogenizatsiya qilingan margarinlar, fast-fudlar va tarkibida shunday yog‘lar borligi ko‘rsatilgan barcha mahsulotlardan imkon qadar uzoq bo‘lish lozim.
Xulosa qilib aytganda, sog‘lom ovqatlanish, do‘kon rastalaridan xarid qilayotganda mahsulotlarning tarkibiga diqqat bilan e’tibor berish va transyog‘lar mavjud oziq-ovqatlarni imkon qadar cheklash har bir insonning o‘z salomatligi uchun qilgan eng to‘g‘ri qadamidir. Zero, to‘g‘ri ovqatlanish – sog‘lom va uzoq umr ko‘rishning asosiy garovi.
Mohigul Qosimova, O‘zA