Transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda mintaqaviy loyihalar amalga oshiriladi
IIV akademiyasida EU-ACT dasturining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Kaspars Valpeteris bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqining EU-ACT dasturi Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalarda terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarga qarshi kurashishga qaratilgan loyiha hisoblanadi.
Loyiha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari salohiyatini oshirish, ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq qilish, mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Loyiha doirasida hamkorlikni rivojlantirish ilg‘or tajribalarni o‘rganish, kadrlar salohiyatini oshirish, kelgusida qo‘shma tadbirlarni tashkil etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy chaqiriqlar va tendensiyalarni hisobga olgan holda ta’lim jarayonlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA