Trampning maxsus vakili Misrda HAMAS yetakchilari bilan uchrashdi (+video)
AQSH prezidentining maxsus vakili va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner G‘azo sektorida tinchlik rejasini amalga oshirish doirasida Misrda HAMAS vakillari bilan uchrashdi, deb xabar berdi DW nashri.
Jared Kushnerning aytishicha, agar HAMAS qurolsizlansa, Isroil ham kelishilgan choralarni ko‘rishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kushner va HAMAS vakillari o‘rtasidagi suhbat 90 daqiqa davom etgan. HAMAS rahbarlari Kushnerdan kelishuvlarga sodiq qolishlarini Trampga yetkazishni so‘ragan. Amerikalik vakillar HAMASning bu pozitsiyasini olqishlagan.
Nashr manbasining aytishicha, Jared Kushner HAMAS vakillariga shunday degan: agar ular Isroil ham tegishli choralarni ko‘rishini istasa, qurolsizlanish bo‘yicha aniq qadamlar tashlashi kerak.
HAMASdan kutilayotgan aniq choralar qatoriga hokimiyatni Falastinning texnokratik hukumatiga topshirish va HAMAS kelajakda G‘azo sektorini boshqarishda hech qanday rol o‘ynamasligiga kafolat berish kiradi.
Netanyahu esa «Tinchlik kengashi»ning G‘azo bo‘yicha rejasini rad etmoqda. Jared Kushner 17-avgust kuni Isroilga borib, mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashadi. Uchrashuvda Isroil tomoni ko‘rishi kerak bo‘lgan «tegishli choralar» muhokama qilinadi.
16-avgust kuni Saudiya Arabistoni, Misr, Iordaniya, Pokiston, Indoneziya, Qatar, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Ular Isroilning G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan «asosiy reja»ni hamda Falastin davlatini tashkil etish g‘oyasini rad etganini tanqid qildi.
Bayonotni imzolagan davlatlar Isroilni adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zgivKTDmLdc" title="Trampning maxsus vakili Misrda HAMAS yetakchilari bilan uchrashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, O‘zA