Tramp o‘zini AQSHning navbatdagi prezidenti deb hisoblamoqda
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 2024 yilda yana prezidentlikka saylanishiga ishora qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchaning Golf o‘ynayotgani videosi tarqalgan. Videoda Tramp Make America Great Again, deb yozilgan shapkani kiyib, koptokni maysa ustiga qo‘yayotgani tasvirlangan. "Televideniyada ilk bor: AQSHning 45 chi prezidenti", - deydi voqeani kadr ortida sharhlayotgan kishi. Tramp esa uni tuzatib, "45 chi va 47 chi", - deb javob bergan.
Tramp 2024 yilda saylovoldi kampaniyasida ishtirok etish rejasini hali oshkora aytmayapti, lekin tarafdorlari qarshisida faol chiqishlarni davom ettirmoqda. AQSHning sobiq prezidenti ilgari nomzodini qo‘yish istagi borligi haqida aniq bir gap ayta olmasligini aytgandi. Bunga sabab sifatida u saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, u tarafdorlariga 2024 yildagi qarori ularni xursand qilishini ham aytgandi. Arizonadagi yana bir chiqishida u “Oq uyni qaytarib olishni” va’da qilgandi.
Tramp 2020 yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Jo Baydenga yutqazib qo‘ydi, natijada Jo Bayden AQSHning 46 chi prezidenti bo‘ldi. Bayden ham 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishi va g‘alaba qilishini ishonch bilan aytmoqda. Agar shunday bo‘lsa, AQSHning 47 prezidenti 2028 yilda bo‘ladigan saylovda ma’lum bo‘ladi.