Tramp Erondagi vaziyatga oid qarorini e’lon qildi
Eronga qarshi hujum qayta boshlanishi haqida mish-mish tarqalayotgan bir payt AQSH Prezidenti Donald Tramp Ogayo shtatida bo‘lib o‘tgan mitingda vaziyat tez orada hal qilinishini bildirdi.
Amerika ommaviy axborot vositalari ilgari AQSH va Isroil Eronga qarshi yangi harbiy amaliyot rejasi tayyorlagani haqida xabar tarqatgan edi. Diplomatik muzokara muvaffaqiyatsiz kechsa, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress oraliq saylovidan so‘ng jarayon davom etishi mumkin.
Trampning o‘zi avvalroq kelishuvga erishilmagan taqdirda Islom Respublikasiga qarshi yangi amaliyot boshlanishini aytgan.

AQSH yetakchisi Texasdagi tarafdorlariga murojaat qilar ekan, Qo‘shma Shtatlar Eron ustidan qozoniladigan yanada muhim g‘alaba arafasida turgani, Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lish imkoniyatini butunlay yo‘q qilish niyati ustuvorligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Vashington mintaqadagi mamlakatlardan harbiy va diplomatik xodimlarini asta-sekin chiqarayotgani to‘g‘risida ham axborot tarqatildi. Ayni holat fevral oyida Eron bilan kechgan dastlabki mojaro davrini eslatadi.
AR agentligi ismi oshkor qilinishini istamagan ikki diplomatga tayanib yozishicha, Amerika rasmiylari Yaqin Sharq mamlakatlarini ham 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovidan keyin Eronga hujum yana avj olishidan ogohlantirmoqda.

Iyun oyi o‘rtalarida AQSH va Eron tinchlik jarayonini boshlashga qaratilgan memorandumni imzolagan. Afsuski, uch hafta o‘tgach, hujum davom ettirildi. Shundan beri ikki tomon muammoni bartaraf etishga urinyapti. Binobarin, muayyan sabablar tufayli tomonlar hozirgacha kelisha olmayapti.
S.Rahimov, O‘zA