Tramp Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzoladi (+video)
AQSH va Eron prezidentlari o‘zaro keskinlikni to‘xtatishga qaratilgan dastlabki kelishuvni imzoladilar. Maxfiylik pardasi ostidagi bu hujjat Vashingtondan jiddiy yon berishni ko‘zda tutadi, deb xabar berdi Euronews nashri.
Chorshanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuv imzoladi, unga ko‘ra Tehron yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini qisqartirishi kerak, shuningdek, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan sanksiyalardan voz kechish nazarda tutilgan, bu esa Eronga neftini erkin sotish imkonini beradi. Siyosatchilar e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu Vashington tomonidan katta yon berish, deb hisoblamoqda. Urushni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolanganidan so‘ng darhol kuchga kiradi, dedi muzokaralarda vositachilik qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ijtimoiy tarmoqlarda.
Hujjat harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni nazarda tutadi va Eron yadroviy dasturining kelajagi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish uchun 60 kunlik muddatni ishga tushiradi, Tramp esa zarbalarni qayta boshlash imkoniyatini o‘zida saqlab qoladi. Shu bilan birga, Eron birinchi bosqichdayoq deyarli hech narsa bermasdan, bir qator imtiyozlarga ega bo‘lmoqda. Xabaringniz bor, bitim atrofida bir necha kun davomida maxfiylik va tushunmovchiliklar hukm surdi. AQSH rasmiylari Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens uni dam olish kunlari elektron tarzda imzolaganini aytganlaridan keyin ham shartlarni oshkor qilishdan bosh tortishdi. Chorshanba kuni Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Versal saroyida hujjatning qog‘oz nusxasiga imzo chekdi.
Tehronda prezident Mas’ud Pezeshkiyon Eron nomidan kelishuvni imzoladi, deya xabar berildi. E’lon qilingan fotosuratda u o‘z imzosi va Trampning imzosi tushirilgan hujjatni qo‘lida ushlab turgani aks etgan.
Kelishuvlarning katta qismida harbiy harakatlarni to‘xtatish, AQSH va Eron o‘rtasida Tehronning yadroviy loyihasi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash va Hurmuz bo‘g‘ozini ochish masalalari o‘rin olgan.
Kelishuv bo‘g‘ozni ikki oy davomida bojsiz ochishni nazarda tutadi, bu jahon neft va gaz hajmining beshdan bir qismi yetkazib berishni qayta tiklash imkonini beradi, ammo kelajakda yig‘imlarni joriy etishni istisno qilmaydi, deyiladi ikki davlat tomonidan tayyorlangan hujjat loyihalarida.
Buning evaziga AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarning bir qismini to‘liq bekor qilmasdan, balki vaqtincha to‘xtatib turishni rejalashtirmoqda. Kelishuv shuningdek, Livanning hududiy yaxlitligini saqlab qolish majburiyatini tasdiqlaydi. Bu kelishuvning eng nozik bandlaridan biridir, chunki Isroil o‘zini "himoya qilish"da davom etishini va Livanning katta hududlarini bosqini ostida ushlab turishini ta’kidlamoqda. Eron kelishuv doirasida Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketishini talab qilmoqda, biroq Tel-Aviv bu shartni allaqachon rad etgan.
Prezident bu bitimni Oq uy tomonidan uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun yaxshi niyat belgisi sifatida taqdim etmoqda, ammo shu bilan birga, zarurat tug‘ilganda undan voz kechish imkoniyatini ham qoldirdi.
<iframe width="1431" height="805" src="https://www.youtube.com/embed/oCdvux8DIKU" title="Tramp Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzoladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA