Tramp: Bugun “voqealarga boy” kun bo‘ladi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Yevropa Ittifoqi yetakchilari va Vladimir Zelenskiy bilan Ukraina masalasini hal qilish bo‘yicha uchrashuv oldidan “juda muhim kun” e’lon qildi.
“Ertaga (bayonot berilgan payt Vashingtonda yakshanba oqshomi edi - tahririyat.) Oq uyda alohida kun. Bunchalik ko‘p yevropalik yetakchilar bilan bir vaqtning o‘zida uchrashmaganman. Ularni qabul qilish men uchun sharaf. Soxta ommaviy axborot vositalari Prezident Tramp uchun "Yevropaning juda ko‘p, ajoyib yetakchilarini "bizning go‘zal Oq uyimiz"da qabul qilinishi yirik mag‘lubiyat, deyishmoqda. Aslida, bu Amerika uchun mislsiz sharaf” deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
CNN telekanali manbalarga tayanib yozishicha, 18 avgust kuni Oq uy rahbari Donald Tramp Vashingtonda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Uchrashuvda ilgari Zelenskiy bilan janjallashib qolgan vitse-prezident Jey Di Vens ham ishtirok etishi haqida xabar berildi.
Shuningdek, mulofotda Germaniya Kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham ishtirok etishi ma’lum qilingan.
“Bild” nashri qo‘shimcha qilishicha, Tramp avvaliga Zelenskiy bilan, keyin esa Yevropa yetakchilari bilan yakkama-yakka uchrashadi.
S.Rahimov, O‘zA