Tozagul Matyoqubova: "Navoiy va zamonamiz" (+video)
O‘rta asrlarda ijod qilgan yurtdoshlarimiz o‘zlarining yetuk bilimlari bilan jahon ilmi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganliklarini bugungi kunda Sharq va G‘arb olami to‘liq tan olayotganiga guvohmiz.
Forobiy falsafasi, Al Xorazmiy matematikasi, Beruniy geologiyasi, Ibn Sino tibbiyoti XX asr oliy darajadagi ilm dargohlaridagi fundamental ta’lim tizimining asosini tashkil etmoqda.
Ajablanarli jihati shundaki, allomalarimiz aniq va ijtimoiy fan yo‘nalishlarida uyg‘un faoliyat ko‘rsatganlar. Ularning astronomiya, hikmat, kimyo, matematika sohasidagi yangiliklari muttasil ravishda falsafa, musiqa, badiiy adabiyot va ta’bir joiz bo‘lsa, tarbiya bilan uzviy aloqada amalga oshirilgan. Bu jihatdan XV asrning daho shoiri Alisher Navoiy o‘tmish ustozlarning munosib davomchisi sifatida ma’rifat maydonida gavdalanadi.
Farhod tilidan “Topilmas mushkuli men qilmagan hal” deganda, Alisher Navoiy ilm, fan, badiiy ijod sohasida o‘zi yechimini topmagan muammo yo‘q ekanini ta’kidlagandek bo‘ladi. Faqat avvalgi ustozlardan farqli o‘laroq atoqli adib ilm va fan sohasidagi ulkan ma’lumotlarni o‘z badiiy asarlarida namoyon qildi. Natijada, “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Lison ut-tayr” va boshqa so‘z san’ati namunalaridagi ifodalar ilmiy tafsilotlar nuqtai nazaridan ham mukammallashdi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/TkfSETPM8-I" title="Tozagul Matyoqubova: “Navoiy va zamonamiz”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Alisher Navoiy ijodkor-olim shaxsiyati, ilmiy-ijodiy faoliyati, adabiy-estetik dunyoqarashi haqida filologiya fanlari nomzodi, dotsent Tozagul Matyoqubova bilan suhbatlashdik.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA