“Toza sport” tamoyillariga amal qilish — muvaffaqiyat omili
Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun talablari, shuningdek, Butunjahon antidoping agentligi tomonidan ishlab chiqilgan kodeksdagi eng so‘nggi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan o‘quv seminar tashkil etildi.
Seminar mashg‘ulotlarida milliy va xalqaro darajadagi qonunchilik, xususan sport sohasini tartibga soluvchi hujjatlar hamda antidoping tizimidagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tildi.

O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi yetakchi mutaxassisi, "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari hamda bir qator yirik sport musobaqalarida doping ofitseri sifatida nazorat ishlarini olib borgan A’zamjon Soliyev ishlab chiqilgan antidoping qoidalari, sportchilarning terapevtik istisnolardan foydalanish tamoyillari, mamlakatimizda professional sportchilarni tayyorlashning ilg‘or tajribalari keng joriy etilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Sportchi va murabbiylarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalar orqali terma jamoa a’zolari o‘z faoliyatida qonuniylik va “toza sport” tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligini yana bir bor anglab yetishdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA