Tovarlarning kodi o‘zgartirilgani aniqlandi
Tovarlarning TIF TN kodi ya’ni bojxona chegarasi orqali tovarlarni tashishda qo‘llaniladigan tegishli kodlar bojxona bojlarini hisoblashda juda muhim ahamiyatga ega. Ammo mazkur kodlarning birgina raqamga o‘zgartirilishi ham bojxona bojlarining to‘g‘ri va to‘liq undirilishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlangan holatda ham aynan TIF TN kodlarining o‘zgartirilishi natijasida 400 million so‘mlik bojxona to‘lovlaridan qochishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.


Unda mazkur temir yo‘l chegara bojxona postiga xorijiy yo‘nalishda harakatlanib kirib kelgan temir yo‘l sostavi inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida skanerdan o‘tkazildi. Jami 4 ta vagonning rentgen tasvirlari tahliliga ko‘ra, tovarlarning nomi va kimyoviy tarkibiga nisbatan bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi.
Tegishli tartibda o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi va ekspertizasi gumonlarning noo‘rin emas ekanligini tasdiqladi. Natijada, yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan TIF TN kodlariga ko‘ra “kalsiy karbanat” o‘rniga “polietilen” tovarlari borligi o‘z isbotini topdi.
Ayni damda umumiy qiymati 4 milliard 208 million so‘mni tashkil etuvchi ushbu tovarlar vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA