To‘siqlarni yengib o‘tib, ichki imkoniyatlarni ishga solish farovonlikning muhim sharti sanaladi
Prezident tashabbuslari – amalda
Bugungi kunda dunyo miqyosida logistika zanjirlari o‘zgarib ketdi. Yoqilg‘i va xomashyo narx-navosining oshib borishi kuzatilmoqda. Murakkab jarayon har bir davlatning kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek o‘ta muhim vazifani qo‘ymoqda. Bu vaziyat bizga ham begona emas.
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu masalalarga e’tibor qaratildi. Bunda iqtisodiy o‘sish tahlili va yil yakuniga qadar bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda juda o‘rinli bir fikr aytildi. Iqtisodiyot qanchalik o‘smasin, agar inflyatsiya darajasi ham birgalikda oshadigan bo‘lsa, oddiy odamlar va tadbirkorlar bu o‘zgarishni o‘z hayotida his qilmaydi. Tashqi bosimlar, jumladan, tashish xarajatlari 25-30 foizga ko‘payganini tabiiy hol deb qabul qilib, ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.

Iste’mol savatimizdagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ekanini inobatga olib, mutasaddilar zimmasiga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish vazifasi yuklatildi. Buning uchun eng avvalo mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish, narxlarni arzonlashtirish talab etiladi. Shuningdek, qoramol importidagi logistika uzilishlari sababli ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash, muammo chiqqanda tadbirkorning murojaatini kutmasdan, onlayn monitoring orqali tezkor yechim topish topshirildi.
Xo‘sh, bu global chaqiriqlar va davlat rahbarining topshiriqlari joylarda, real hayotda qanday aks etmoqda? Keling, buni Buxoro viloyatining Olot tumani misolida ko‘rib chiqamiz.
Yuqoridagi selektordan so‘ng olotliklar ham darhol o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi rejalarni tuzishdi. Tarmoqlarda barqaror o‘sishga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va narx-navoni ushlab turish maqsadida tumanda keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.
Misol uchun, aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘nalishida chorvachilikni rivojlantirish eng asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasidan so‘ng beshta sub’ektga naslchilik xo‘jaligi maqomini berish va bu orqali ixtisoslashgan xo‘jaliklar sonini 22 taga yetkazish belgilandi. Bugungi kunga qadar shu maqsad uchun 3,4 milliard so‘mlik to‘rtta loyiha to‘liq amalga oshirilib, mahsulot hajmini oshirishga erishildi.

– Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror va tashabbuslar agrar sohada katta rezonans berdi, – dedi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Bugun fermerlar mavjud mollarini asrash bilan cheklanib qolmay, import qilingan naslli mollarni ko‘paytirishga, zamonaviy chorva komplekslarini qurishga kirishishdi. Chunki olotliklarning xonadonlarida azaldan chorva yetishtiriladi. Bu siyosatni aholi juda yaxshi tushunib yetdi. E’tiborli jihati, tumanda suv sathi yuqori bo‘lgan kollektorlardan ham unumli foydalanilmoqda. Suv to‘planib qoladigan joylarda g‘oz, o‘rdak, baliq chavoqlarini boqish uchun imkoniyatlar va kreditlar yaratib berilyapti. Hovuzlarda baliq yetishtirish uchun hatto chet el investorlari taklif qilindi. Xitoy bilan hamkorlikda baliq sanoat parkini tashkil etish, nafaqat mahalliy bozorni ta’minlash, balki sanoatbop baliqlar yetishtirib, ularni eksport etish jarayoni qizg‘in ketmoqda.
Shuningdek, tumanda 20 dan ortiq qo‘ychilik xo‘jaligi samarali faoliyat yuritmoqda. Ilmiy yondashuv va ilg‘or tajribalar tufayli olotliklar 1,5 sotixli hovlida oltmish-yetmish boshgacha qo‘y boqish mumkinligini amalda isbotlashdi. Bu juda hayotiy va har bir oila uchun manfaatli tajribadir. Bitta qo‘yni oziqlantirish uchun kuniga juda katta xarajat qilinmaydi. Yil oxiriga borib esa har bir bosh qo‘y to‘rttagacha ko‘payishi mumkin. Bu oddiygina matematika. O‘n bosh qo‘y ellik boshga yetsa, oilaning xarajatidan ortgan sof daromadi yaqqol ko‘rinadi.
Yerlardan oqilona foydalanish borasida ham salmoqli natijalar bor. Tumanda 126 gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Bahor mavsumidayoq 86 gektar maydonda bu ishlar amalga oshirib bo‘lindi. Qo‘shimchasiga 47 gektar sanoatlashgan zamonaviy tokzorlar tashkil etildi.
Ayni paytda Olotda g‘alla yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Tumandagi 291 ta fermer xo‘jaligi bug‘doy yetishtirish bo‘yicha gektariga 80 sentnerdan yuqori, hatto undan ham baland natijalarni ko‘zlamoqda. Fermer Rustam To‘yevning aytishicha, 28 gektar g‘alladan davlat rejasini bajarib, avvalgi 35-40 sentner o‘rniga 100 sentnerga yaqin hosil olishga erishgan. Bu, albatta, davlatning fermerlarga bo‘lgan e’tibori, ilmiy yondashuvlar, xorijiy navlar va urug‘lar samarasidir. Fermerning daromadi, mahsuloti ko‘p bo‘lsa, texnika olishga imkoniyati yetadi, ishchilarning maoshi oshadi, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkaziladi.
Eng asosiysi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumanda bir ming gektardan ortiq kartoshka ekildi. Bundan tashqari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar evaziga issiqxonalar soni ham ortdi. Natijada mahsulotlar hajmi ortishiga erishilmoqda. Endigi vazifa esa omborxonalarni ko‘paytirib, sig‘imini oshirish va mahsulotni isrof qilmasdan saqlashdan iborat.
Olib borilayotgan islohotlar hududlarning iqtisodiy barqaror, infratuzilmasi rivojlangan, tadbirkorlik uchun qulay va aholisi farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Yaratilayotgan imkoniyatlar va odamlarning mehnatga bo‘lgan yangicha munosabati ko‘zlangan yuqori marralarga erishishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani e’tiborga molik. Mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish va ijobiy o‘zgarishlar aynan mana shunday mahalliy tashabbuslar va hayotiy qarorlar tufayli har bir oila, har bir xonadonda sezilaveradi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi