Toshkentning yashillik va go‘zallik maskani
Tabiatning haqiqiy go‘zalligini tasvirlab yoki fotosuratga muhrlab bo‘lmaydi – uni faqat anglash va his etish kerak. Poytaxtimiz mehmonlari va aholisining sevimli maskaniga aylangan, haqli ravishda shaharning o‘pkalari deb ataladigan F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘iga tashrif burib, shunday xulosaga kelish mumkin.
Ma’lumki, Botanika bog‘i Toshkentning janubi-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, 65,5 gektar maydonga ega xos alohida ekotizim hisoblanadi. Ko‘plab turdagi o‘simliklar mavjud bo‘lgan ushbu bog‘ mamlakatimizning eng noyob ob’ektlaridan biri hisoblanadi.
Toshkent Botanika bog‘i MDH mamlakatlari hududida maydonining kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Unda 45 gektar maydon faqat daraxt va butazorlar, 5 gektar – manzarali ko‘chatxonalar va 1 gektar maydon - tropik va subtropik o‘simliklar genofondi uchun ajratilgan. Bundan tashqari, bog‘da issiqxonalar va 16 gektarli muhofaza qilinadigan daraxtlar maydoni ham bor.

Botanika bog‘ida 10 kilometrdan ortiq asosiy yo‘laklar bor. 1200 kvadrat maydonni egallagan 6 ta blok, jumladan laboratoriya korpusi, tropik va subtropik o‘simliklar to‘plamini o‘z ichiga olgan issiqxona, hatto qishda ham yam-yashil bo‘lib turadi.
Hozirgi kunda botanika bog‘ida 3 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritib, bu yerda 20 nafar ilmiy xodim mehnat qilmoqda. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan boshqaruv va ilmiy xodimlarning samarali ishlashi muntazam monitoring qilib boriladi.

Bu yerda o‘simliklarning tabiiy populyatsiyasiga zarar yetkazmagan holda, mamlakatimiz tibbiyot va farmatsevtika sanoatini dorivor o‘simliklar bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar o‘z samarasini berdi. Manzarali o‘simliklar bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar shahar va bog‘larni obodonlashtirish, shahar infratuzilmasi va ekologik sharoitlarini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Botanika bog‘i ekspozitsiyalarida o‘stirilayotgan mahalliy va import qilingan o‘simliklar yoshlarni ekologik tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ uchastkalarida Yevropa va Kavkaz, Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika florasi bilan tanishish mumkin.
Manzarali va mevali daraxtlar, turli rezavor butalar, dorivor o‘simliklar bo‘yicha introduksiya ishlari olib borilmoqda. Ko‘kalamzorlashtirish uchun lola daraxti, lenkoran akatsiyasi, katta bargli lipalar, Xitoy teragi, piramidali eman ko‘chatlari, ko‘p yillik piyozli o‘simliklar – lola, krokus, giatsint, ildizpoyali o‘simliklar – gulsapsar, piongul, paxtagulining 90 dan ortiq turlari ekiladi.

Toshkent shahrini ko‘kalamzorlashtirishda Botanika bog‘ida dastlabki iqlimlashtirishdan o‘tgan to‘q sariq maklyura, Virjiniya qora archasi, gledichiya, yovvoyi uzum hamda eman, zarang va qayin daraxtlarining ayrim turlaridan faol foydalanilmoqda. Хилопсис va katalpa duragaylari - Kaliforniyada keng yetishtiriladigan Toshkent xilokatalpasi olindi.
– Yigirma kunlardan so‘ng bu yerda o‘ziga xos go‘zallik yashnaydi, - deydi Toshkent Botanika bog‘i direktori Sodiqjon Abdinazarov. – Gullar ochilib, bog‘imiz yanada go‘zallashadi. Bog‘da qariyb 2400 turdagi o‘simliklar, minglab turdagi daraxtlar, jumladan Markaziy Osiyodagi eng baland daraxt – qirq metrdan ortiq bo‘lgan Amerika sekvoyya daraxti bor.
Sodiqjon aka mamnuniyat bilan menga o‘zbek-xitoy piyoz bog‘ini ko‘rsatadi. Bu yerda ushbu o‘simlikning 130 dan ortiq turi yetishtirilmoqda.
– Nima uchun aynan piyoz bog‘i? – deb hayron bo‘lib so‘radim.
– Piyoz tarkibidagi fitonsid va boshqa elementlari borligi tufayli u turli kasalliklarni davolashda samarali hisoblanadi, - deb jilmayib javob berdi Sodiqjon Abdinazarov. – Odamlar bunga unchalik katta ahamiyat bermaydi, lekin haqiqatdan ham piyoz juda foydali o‘simlik.
Ma’lum bo‘lishicha, dunyoda piyozning mingga yaqin turi bor. Ko‘p mamlakatlar o‘z yerlarini piyozning vatani deb tan olinishiga da’vogarlik qiladi. Ayni paytda tarixiy ma’lumotlarning guvohlik berishicha, piyoz qadimdan Markaziy Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda yetishtirilgan.
Toshkent Botanika bog‘ining hududi kattaligi bois, uni bir kunda aylanish imkonsiz. Men ajoyib maskanning yashillik bilan ko‘zni quvontiradigan va sayroqi qushlar ovozi eshitiladigan kichik bir qisminigina ko‘ra oldim xolos. Afsuski, shovqinli shaharda qushlarning bunday sehrli sayrashini kamdan-kam eshitish mumkin... To‘satdan daraxt shoxlari qimirlab, olmaxonlar shoxdan-shoxga sakray boshladilar... Afsuski, men ularni mobil telefonimning kamerasiga suratga olishga ulgurmadim, ular mendan ancha chaqqon ekan! Mana, gullayotgan magnoliya… Men uni ko‘rib hayratda qoldim.
Direktorning so‘zlariga ko‘ra, Botanika bog‘ida 20 dan ortiq turdagi qushlar hamda bir necha suv havzalarida baliqlar va g‘ozlar ham bor.
Men bog‘da ishlayotgan xodimlarni kuzatdim. Ular xududni obodonlashtirish uchun astoydil mehnat qilishardi. Bundan tashqari, yaqinda bu yerda lola bog‘i ham tashkil etildi, bog‘da ushbu ajoyib gullarning ko‘plab turlari ekilgan.
Haqiqatan ham Toshkent Botanika bog‘i poytaxtimizning o‘pkalari hisoblanadi. Uni asrash –barchamizning muqaddas burchimizdir!
Nazokat Usmonova, O‘zA