Toshkentda tungi biznes qaysi hududlarda jadal rivojlanmoqda?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari “OpenStreetMap” va “SDGSAT-1” sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlari asosida Toshkent shahridagi tadbirkorlik ob’ektlarining tungi faolligini tahlil qildi.
Tadqiqotda umumiy ovqatlanish, savdo va ko‘ngilochar sohalaridagi 5,6 mingdan ortiq ob’ekt o‘rganilib, ish vaqti aniq ko‘rsatilgan 1,6 mingta ob’ekt asosida tungi iqtisodiyot dinamikasi baholandi.
Natijalarga ko‘ra, poytaxtda tungi biznes faolligi soat 23:00 dan keyin keskin pasayadi. Tahlil qilingan ob’ektlarning 75 foizi 20:00 dan keyin, 65 foizi 22:00 dan keyin, 45 foizi 23:00 dan keyin ham faoliyatini davom ettiradi. 00:00 dan keyin esa bu ko‘rsatkich 31 foizga tushadi.
Tadqiqotlar Toshkentda tungi iqtisodiyot asosan markaziy hududlarda jadal rivojlanayotganini ko‘rsatdi. Yetakchi tumanlar sifatida Yakkasaroy (131 ta ob’ekt) va Mirobod (112 ta ob’ekt) qayd etildi. Bu hududlar poytaxtning tungi iqtisodiyot “yadrosi” sifatida shakllanmoqda.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek (147 ta), Yunusobod (130 ta), Chilonzor (126 ta) va Shayxontohur (99 ta) tumanlarining markazga yaqin qismlarida ham tungi faollik yuqori darajada saqlanmoqda.
Olmazor (80 ta) va Yashnobod (71 ta) tumanlarida ko‘rsatkichlar o‘rtacha bo‘lsa, Uchtepa (52 ta), Sergeli (36 ta), Bektemir (26 ta) va Yangihayot (15 ta) tumanlarida tungi iqtisodiyot nisbatan sust rivojlangani aniqlandi.
MHTI mutaxassislarining fikricha, shaharda 24/7 formatda ishlaydigan hududlarni ko‘paytirish, tungi transport tizimini rivojlantirish hamda infratuzilmani yaxshilash Toshkentda tungi iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
N.Ziyodulayeva, O‘zA