Toshkentda TIMUN-2026 ish boshladi
Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik yoshlar diplomatik maydonlaridan biri – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Toshkent xalqaro modeli – TIMUN-2026 ish boshladi.
Anjumanda O‘zbekistonning barcha hududlari hamda xorijiy davlatlardan 400 ga yaqin o‘g‘il-qiz ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir yoshlar diplomatiyasi va inson kapitali rivojini mamlakat islohotlari va tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida ilgari surishga xizmat qiladi.
2012-yil Xalqaro Vestminster universiteti talabalari tashabbusi bilan boshlangan ushbu taraqqiyot dasturi yurtimizda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan keng qamrovli ishlarning amaliy ifodasidir. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat doirasida ta’lim, ayniqsa xalqaro ta’lim ichki va tashqi pozitsiyani mustahkamlashning muhim vositasiga aylanmoqda.
[gallery-29139]
TIMUN ishtirokchilari BMT faoliyati modellashtirilgan sharoitda qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etib, ko‘p tomonlama diplomatiyaning amaliy jihatlarini o‘zlashtirmoqda. Bu murosaga kelish, manfaatlar muvozanatini saqlash va institutsional cheklov sharoitida ishlash ko‘nikmasini shakllantirish imkonini beradi.
– Ilk bor shunday anjumanda qatnashyapman, – deydi Bosh Assambleyada Boliviya nomidan faoliyat yuritayotgan Soniya Hamir Hamlin. – Bu yerda ekanligimdan juda xursandman. O‘zbekistonda ham birinchi marta bo‘lishim. Umuman, Londondagi universitetim va jamiyatim nomidan vakillik qilish men uchun sharaf. Mazkur tadbirning bir qismi bo‘lishdan juda hayajondaman.
Joriy yil anjuman doirasida tuzilgan to‘qqiz qo‘mita doirasida kiber xavfsizlik, sun’iy intellektga asoslangan jinoyatlar, jamoat salomatligi, barqaror urbanizatsiya, raqamli tengsizlik va aholining zaif qatlamini muhofaza qilish kabi dolzarb masalalar muhokamaga qo‘yilgan.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA