Toshkentda sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogi bosqichi boshlandi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, gimnastika federatsiyasi hamda O‘zavtosanoat tomonidan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda sport gimnastikasini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turiga qiziqishni oshirish hamda xalqaro maydonda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa 24-may kuniga qadar davom etadi.
Jahon kubogi bosqichida mamlakatimiz sportchilaridan tashqari Armaniston, Belgiya, Bolgariya, Chexiya, Gruziya, Hindiston, Iordaniya, Islandiya, Qatar, Qozog‘iston, Latviya, Mo‘g‘uliston, Shveysariya, Suriya, Turkiya, Vengriya, Vetnam va Xorvatiyadan kelgan sport gimnastikachilari g‘oliblik uchun bahs olib boradi.

Musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tarkibidan Asadbek Azamov, Humoyun Islomov, Mansur Rahmatov, Ahrorxon Temirxonov, Ozotilla Abdurasulov va Alisher Boysarov o‘rin olgan. Ayollar terma jamoasi safida esa sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, shuningdek Soliha Tursunboyeva, Dildora Aripova va Shahinobonu Yusufova yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Musobaqa dasturiga ko‘ra, 21–22-may kunlari saralash bahslari bo‘lib o‘tadi. Ilk kungi dasturdan erkaklar o‘rtasida erkin mashqlar, dastakli ot va halqalar, ayollar o‘rtasida esa tayanib sakrash hamda turli balandlikdagi qo‘shpoya mashqlari o‘rin olgan. Ikkinchi kun bahslarida erkaklar tayanib sakrash, qo‘shpoya va turnikte, ayollar esa yakkacho‘p hamda erkin mashqlarda ishtirok etadi.
Darvoqe, bugun 21-may kuni nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi ham o‘tkaziladi.
23–24-may kunlari jahon kubogining final bahslari tashkil etiladi. Unda erkaklar va ayollar o‘rtasida alohida turlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Shuningdek, har bir final dasturidan keyin taqdirlash marosimlari ham o‘tkaziladi.
Mazkur xalqaro turnir O‘zbekistonda sport gimnastikasini yanada rivojlantirish, milliy terma jamoa a’zolarining tajribasini oshirish hamda 2028-yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA