Toshkentda qurilish materiallari savdosi uchun zamonaviy majmua barpo etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasini borib ko‘rdi.
So‘nggi yillarda yurtimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib, tarmoqda ishlab chiqarish bilan birga savdo va servis infratuzilmasini zamonaviy asosda tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur majmua ana shunday yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi. Tashabbuskor investor tomonidan loyihaga 25 million dollar sarmoya yo‘naltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan bo‘lib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming o‘rinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Uch qavatli majmuada savdo do‘konlari bilan birga keng yo‘laklar, ochiq va qulay jamoat maydonlari, xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bu yerda qurilish materiallari savdosini tarqoq va tirband shakldan chiqarib, tartibli, shaffof va xaridorbop tizim asosida yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, 2 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbariga majmua faoliyati va imkoniyatlari haqida axborot berildi. Prezidentimiz qurilish mahsulotlari do‘konlarini ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda 500 ta do‘kondagi qurilish va ta’mirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali shaffof ko‘rinib turadi. Bu esa ham tadbirkorlar, ham xaridorlar uchun vaqt, mablag‘ va tanlov imkoniyati nuqtai nazaridan katta qulaylik yaratadi.
Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.
Prezidentimiz ushbu majmua shunchaki savdo nuqtalari jamlanmasi emas, balki qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Toshkentning tarixiy o‘n ikkita darvozasi bo‘lganini eslatib, bugun poytaxt atrofida ham shunday, turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan zamonaviy savdo markazlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
– Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga ko‘proq o‘rin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
