Toshkentda ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi
Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lib, 26 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 5-avgust kuni soat 02:19 da Toshkent shahrining Olmazor tumani, Usta Shirin ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning 6-kirish yo‘lagidagi elektr qutisida yong‘in sodir bo‘lgani haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushdi.
Xabar asosida qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yo‘llandi. Ular soat 02:25 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘inni bartaraf etish ishlariga kirishdi. Tezkor chora-tadbirlar natijasida yong‘in soat 03:58 da to‘liq o‘chirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida ko‘p qavatli uyning 6-kirish yo‘lagidagi taxminan 60 pogon metr elektr kabellari yonib, zararlangan.
Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qutqaruvchilar tomonidan ko‘p qavatli uydan 26 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Eng muhimi, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va jabrlanganlar qayd etilmadi.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilari elektr tarmoqlari va qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, elektr jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik zarurligini eslatmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA