Toshkentda ko‘chalarga qo‘shimcha suv sepish ishlari tashkil etildi
Aholi uchun qulay sharoitlarni saqlash, jazirama ta’sirini yumshatish va ko‘chalardagi chang miqdorini kamaytirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy hamda asosiy ko‘chalarida qo‘shimcha suv sepish ishlari boshlandi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ishlar maxsus jadval asosida har kuni amalga oshiriladi va havo harorati barqarorlashgunga qadar davom ettiriladi.
Suv sepish ishlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘magida transport va piyodalar oqimi nisbatan kamaygan vaqtlarda tashkil etilmoqda.

Bu, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, aholiga noqulaylik tug‘dirmaslik hamda shaharda yanada qulay muhitni saqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil hududlarda sug‘orish ishlari ham kuchaytirildi.

Mazkur ishlar Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi hamda Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.

Shuningdek, yaqin vaqt ichida shahar favvoralarining uzluksiz ishlashi ham ta’minlanadi. Bu issiq kunlarda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun yanada salqin hamda qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Ayni damda Sergeli tumanidagi barcha favvoralar to‘liq quvvatda ishga tushirildi.Ular nafaqat hudud ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, balki anomal issiq kunlarda havoni namlantirib, aholimizga yoqimli salqinlik ulashmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA