Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq:
a) moliyaviy sektorni rivojlantirish orqali mamlakatning yalpi ichki mahsulotining qo‘shimcha o‘sishi ta’minlanadi;
b) xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy standartlarga asoslangan, yuqori ishonch darajasiga ega yurisdiksiyani yaratish orqali uzoq muddatli xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalar jalb qilinadi;
v) xalqaro moliya, huquq va texnologiyalar sohalarida yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratiladi va inson kapitali rivojlantiriladi;
g) mamlakatning kredit reytingi oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro investitsiyaviy jozibadorlik reytinglaridagi mavqei mustahkamlanadi;
d) O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy moliyaviy markazga aylantiriladi va mamlakatning global moliyaviy tizimga integratsiyasi ta’minlanadi.
Farmonga muvofiq, Toshkent xalqaro moliya markazi, markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.
Markaz hududida moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli (kripto) aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, islomiy va yashil moliya, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish va tranzaksiyalarni amalga oshirish, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish hamda Markaz to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunga muvofiq boshqa faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Farmon bilan:
a) Toshkent xalqaro moliya markazining asosiy vazifalari;
b) Toshkent xalqaro moliya markazi kengashining tarkibi;
v) Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruv organlari tashkiliy tuzilmasi;
g) Toshkent xalqaro moliya markazi hududi chegaralarining tavsifi tasdiqlandi.
O‘zA