Toshkent xalqaro biyennalesi
Mamlakatimiz tasviriy va amaliy sanʼati gʻoyat goʻzal va betakror.
Mamlakatimiz tasviriy va amaliy sanʼati gʻoyat goʻzal va betakror. Ushbu sanʼatning milliy anʼana va qadriyatlarga asoslangani uning jozibadorligini yanada oshiradi.
Har yili Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oʻtkaziluvchi Toshkent xalqaro biyennalesi bu boradagi yutuqlarni kengroq namoyish etish, galdagi vazifalarni belgilab olish, ijodkorlarimiz uchun oʻzaro muloqot maydonini yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning 11-15-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Inson – muhit – sanʼat – 2019” nomli II Toshkent xalqaro amaliy sanʼat biyennalesi 2019-yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”ga bagʻishlanishi, oʻz atrofida tasviriy va amaliy sanʼat ixlosmandlarini toʻplashi bilan koʻpchilikning eʼtiborini oʻziga tortadi. Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zalida start oluvchi ushbu biyennaleda nainki mamlakatimiz moʻyqalam sohiblari, usta va hunarmandlari, balki xorijlik ijodkorlar ham ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Ushbu sanʼat bayrami doirasida “Ipak jilolari” mavzusidagi ipak gilamlar koʻrgazmasi, “Sehrli charx navolari” oʻzbek milliy kulolchilik koʻrgazmasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyid “Qadimgi qogʻoz turlari, hattotlik namunalari va miniatyura asarlari” koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.
Biyennale doirasida tashkil etiluvchi “Sharq afsonalari” va “Aʼlo baxmal” milliy liboslar namoyishi moda ixlosmandlariga gʻoyat manzur boʻlishi, shubhasiz. Shu bilan birga, “Zamonaviy oʻzbek bezak sanʼati” hamda “Batik va badiiy emal” mavzusida yapon amaliy sanʼati koʻrgazmalarining ochilishi mamlakatimiz va Kunchiqaryurt ijodkorlarining asarlarini taqqoslash imonini berishi bilan diqqatga sazovor boʻladi.
Bugungi tasviriy sanʼat jarayonida turli xalqlar madaniyatining oʻzaro uygʻunlashuvini kuzatish mumkin. Shu maʼnoda yurtimiz musavvir va hunarmandlari bilan birga Germaniya, Angliya va Janubiy Koreya rassomlarining mahorat darslari yoshlarda katta taassurot uygʻotishiga shubha yoʻq.
“Zargarlik sanʼati mohir ustalari” nomli koʻrgazma, “Shahar muhitidagi sanʼat” mavzusida davra suhbati, badiiy emal boʻyicha yaponiyalik rassom Yoshiko Saitoning mahorat darsi, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabalarining ijodiy asarlari koʻrgazmasi, “Sanʼatdagi globalizm va milliy oʻziga xoslik”, “Arxitektura-qurilish sohalari hamda badiiy taʼlimda innovatsiyaning oʻrni” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar biyennalega rang-baranglik bagʻishlaydi.
Shuningdek, biyennale doirasida uchrashuvlar, muloqotlar, muzeylarga, koʻrkam inshootlarga sayohatlar, konsertlar boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.