Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy havo kuchlari Qo‘mondonligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Chirchiq shahridagi harbiy qism hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda 16 nafar harbiy xizmatchi — 5 nafar ofitser, 7 nafar serjant va 5 nafar muddatli harbiy xizmatchi ishtirok etdi.
Ishtirokchilar “Zukkolik va bilim” yo‘nalishida 50 ta test savoli asosida o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, milliy adabiyot, kitobxonlik va ma’naviy meros mavzularida ochiq muloqot tashkil etildi. Tanlov harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda mutolaaga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik tezkor xodimlari tomonidan hamda DXX tezkor tuzilmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida bir fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi kuzatuvga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs 8 nafar fuqarodan foydalanib, ularning har biriga 650 ming Rossiya rublidan berib, “Navoiy” chegara bojxona posti orqali respublika hududidan xorijiy valyutani noqonuniy olib chiqib ketishni rejalashtirgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazildi. Natijada, respublika hududidan olib chiqilishi rejalashtirilgan jami 5 million 191 ming Rossiya rubli miqdoridagi xorijiy valyuta mablag‘lari aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Nuroniylar maskani”da O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva boshchiligida ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar hamda ularning ijrosini ta’minlashda deputatlarning ishtiroki muhokama qilindi.

Deputatlik nazoratini kuchaytirish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topish, fuqarolar bilan bevosita muloqot hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar asosida hududlarda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev, O‘zA